Huawei 1
Jahon banki O‘zbekistonga islohotlarni qo‘llab-quvvatlash uchun 800 mln dollar miqdorida imtiyozli kredit ajratdi

Jahon banki direktorlar kengashi O‘zbekistondagi islohotlar dasturini qo‘llab-quvvatlash uchun 800 million dollarlik imtiyozli kreditlar ko‘rinishidagi moliyaviy paketni tasdiqladi, deya xabar bermoqda Jahon banki matbuot xizmati.

Qayd etilishicha, islohotlar dasturi mamlakatda ishbilarmonlik muhitini yaxshilash, qishloq xo‘jaligi, temir yo‘l va energetika sektorlarida samaradorlikni oshirish, davlat moliyasini boshqarishni takomillashtirish, ijtimoiy himoya xizmatlaridan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish, mamlakatni atrof-muhit va iqlim o‘zgarishi bilan bog‘liq xatarlarga tayyorligini oshirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlarni o‘z ichiga oladi.

Mablag‘lar hukumatga xalqaro moliya bozorlarida mavjud bo‘lgan qarz olish imkoniyatlariga nisbatan pastroq foiz stavkalarida va kreditni qoplash uchun uzoqroq muddatlar bilan taqdim etiladi. "Bu O‘zbekistonga dolzarb ijtimoiy-iqtisodiy masalalarni hal etishga yo‘naltirilishi mumkin bo‘lgan katta miqdordagi moliyaviy resurslarni tejashga yordam beradi", — deyiladi bayonotda.

Islohotlar quyidagi sohalarda aniq natijalarga erishishni ko‘zlaydi:

  1. Ijtimoiy himoya tizimi: Fuqarolarning muayyan toifalari uchun ishsizlik, kasallik va onalik nafaqalari qamrovini kengaytirish;

  2. Gender zo‘ravonlikka qarshi kurash: Maishiy va jinsiy zo‘ravonlik qurbonlarining huquqlarini yana-da samarali himoya qilish uchun huquqiy mexanizmlarni takomillashtirish;

  3. Fermerlarning qishloq xo‘jaligi yerlariga egalik qilish va ulardan foydalanish huquqlarini taʼminlash: Ushbu huquqlarga rioya etilishini kafolatlovchi mexanizmlarni rivojlantirish. Ularning qonunchilikda mustahkamlanishi fermerlarni xo‘jalik yuritishning yana-da samaraliroq usullariga sarmoya kiritishga rag‘batlantiradi. Bu, o‘z navbatida, qishloq xo‘jaligi yerlarining hosildorligi va iqlim o‘zgarishlariga chidamliligini oshiradi;

  4. Ishbilarmonlik muhitini yaxshilash: Investorlarning huquq va manfaatlarini yana-da ishonchli himoya qilishni kafolatlaydigan qonun hujjatlarini ishlab chiqish. Shuningdek, bu investorlar uchun xizmatlar sifatini yaxshilashga yordam beradi hamda katta hajmdagi xorijiy va ichki investitsiyalarni jalb qilish uchun sharoit yaratadi;

  5. Davlat moliyalarini boshqarish: Fiskal risklar bo‘yicha hisobot mexanizmlarini ishlab chiqish va davlat xaridlarini boshqarishni takomillashtirish. Ushbu chora-tadbirlar byudjet mablag‘laridan foydalanishning shaffofligini va samaradorligini oshiradi;

  6. Iqlim o‘zgarishiga qarshi kurashish: Iqlim o‘zgarishiga hissa qo‘shadigan atmosferaga chiqindilar chiqarishni qisqartirishni rag‘batlantiruvchi qonunchilikni ishlab chiqish. Ushbu qonunchilik, shuningdek, iqtisodiyotning eng ko‘p energiya sarflaydigan tarmoqlarida energiya samaradorligini rag‘batlantirishga ham qaratilgan;

  7. Suv resurslarini boshqarish: Suv resurslaridan foydalanish samaradorligini oshirish hamda suv yetkazib beruvchilar va suvdan foydalanuvchilarning masʼuliyatini kuchaytirish uchun institutsional va huquqiy mexanizmlarni ishlab chiqish. Ushbu choratadbirlar, shuningdek, sohaga davlat investitsiyalarini jalb qilish va qo‘shni davlatlar bilan muvofiqlashtirilgan holda transchegaraviy suv resurslarini boshqarishni yaxshilash imkonini ham beradi;

  8. Atrof-muhit va iqlimga taʼsirni baholash: Iqlim o‘zgarishi, ekologik omillar va havoning ifloslanishi iqtisodiyotning turli tarmoqlariga, shuningdek, odamlarning sog‘lig‘i va farovonligiga taʼsirini baholash bo‘yicha hokimiyat salohiyatini rivojlantirish. Bu, shuningdek, atrof-muhitni, shu jumladan atmosfera havosi, tuproq, yer usti va yer osti suvlari, o‘simlik va hayvonot dunyosini muhofaza qilish sohasidagi salohiyatni rivojlantirishni ham nazarda tutadi;

  9. Iqlim o‘zgarishiga chidamlilikni oshirishga investitsiyalar: Xususiy investorlar tomonidan amalga oshirilayotgan ekologik jihatdan toza loyihalarda davlat investitsiyalarining ulushini oshirish. Ushbu yondashuv mamlakatga tugab borayotgan tabiiy resurslardan yana-da samarali foydalanish va “yashil” iqtisodiyotga o‘tishni tezlashtirish imkonini beradi;

  10. Temiryo‘l sektori: Temir yo‘l sektorining samaradorligi va daromadliligini oshirish, temir yo‘l infratuzilmasini modernizatsiya qilishga xususiy investitsiyalarni jalb qilish va ushbu sektorda atmosferaga chiqadigan chiqindilarni qisqartirish uchun huquqiy bazani yaxshilash;

  11. Energetika sektori: Sektor faoliyati samaradorligini oshirish va uni modernizatsiya qilishga xususiy investitsiyalarni jalb qilish maqsadida energiya tariflari tizimini isloh qilish. Aholining zaif qatlamlarini tariflar oshishi oqibatlaridan himoya qilishga qaratilgan ijtimoiy chora-tadbirlarni amalga oshirish. Qayta tiklanuvchi manbalardan energiya ishlab chiqarishda xususiy sektor ishtirokini kengaytirish uchun huquqiy va institutsional bazani takomillashtirish.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 100417 | Инструменты