Huawei 1
Mark Sukerberg yangi Meta aqlli ko'zoynaklarini taqdim etdi

Meta korporatsiyasi rahbari Mark Sukerberg 26-sentyabr kuni inqilobiy Orion AR ko‘zoynagini taqdim etdi. Raqamli texnologiyalar mutaxassislari uni “tarixdagi eng ilg‘or aqlli ko‘zoynak” deb atadi.

Ko‘zoynakning og‘irligi 98 gramm bo‘lib, linzalarida Vision Pro’dagi barcha imkoniyatlar mavjud: 

  • 3D avatarli qo‘ng‘iroqlar;
  • o‘yinlar;
  • filmlar va brauzer.

Qurilmaning asosiy xususiyatlaridan biri uning displeyidir. Ular gardishga o‘rnatilgan mikro LED-proyektorlar bo‘lib, optik to‘lqin o‘tkazgichlar yordamida foydalanuvchining ko‘zi oldida tasvirni ko‘rsatadi.

Orion linzalari plastmassa yoki shishaga qaraganda uzoqroq chidaydigan va yengilroq bo‘lgan kremniy karbididan tayyorlangan. Bundan tashqari, bu material ancha yuqori nur sindirish ko‘rsatkichiga ega, bu esa proyektorlardan kelayotgan nurning foydalanuvchi ko‘zi oldidagi ko‘proq maydonni qamrab olishiga imkon beradi. Ko‘zoynakdagi ko‘rish maydoni 70 darajagacha yetadi, bu esa boshqa qurilmalarga nisbatan kattaroqdir.

Yangi modelning gardishi magniydan tayyorlangan: u alyuminiyga qaraganda yengilroq va issiqlikni bir tekis taqsimlashga yordam beradi. 

Qurilmani boshqarish uchun to‘plamga “neyron” bilaguzuk va kichik protsessorli blok ham kiradi. Ko‘zoynak smartfon yoki kompyutersiz ishlaydi, ammo blokdan uzoqlashganda faoliyatini to‘xtatadi. Qurilmani ko‘zlar, qo‘llar va barmoqlar yordamida, shuningdek, ovoz bilan ham boshqarish mumkin.

Orion kompaniyaning (Meta) sun’iy intellekti asosida ishlaydi. U nutqning o‘nlab tillardan sinxron tarjimasini amalga oshirishni va vaziyat bo‘yicha maslahat berishni biladi, masalan, muzlatkichdagi mahsulotlardan nima tayyorlashni.

Hozircha Orion faqatgina prototip, biroq vaqt o‘tishi bilan kompaniya bu ko‘zoynakni ommaviy ishlab chiqarishga yo‘l qo‘ymoqchi. Avvalo, ular tasvir sifatini yaxshilash, dasturiy ta’minotni optimallashtirish va qurilmaning yakuniy narxini pasaytirish ustida ishlab chiqishlari zarur.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 92720 | Инструменты