Energetika vazirligi axborot xizmatining ma’lum qilishicha, Jahon banki Xorazm viloyatida quyosh elektr stansiyasi qurish loyihasi uchun 3,5 million dollarlik bank kafolati shaklida moliyalashtirishni ma’qulladi.
Mazkur kafolat "O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari" AJning quyosh fotoelektr stansiyasida ishlab chiqariladigan elektr energiyasini xarid qilish bo‘yicha to‘lov majburiyatlarining o‘z vaqtida bajarilishini ta’minlaydi.
Stansiya Fransiyaning "Voltalia" kompaniyasi tomonidan qurilib, ekspluatatsiya qilinishi rejalashtirilgan. Qurilish ishlari 2025 yil yakuniga qadar tugallanib, 183 gektar maydonda joylashadigan stansiya yiliga 240 million kilovatt soatdan ortiq qayta tiklanuvchi energiya ishlab chiqaradi.
Quyosh stansiyasi ishga tushirilgach, yiliga 100 ming tonnaga yaqin karbonat angidrid chiqindilarini kamaytirish va 91 mingta uy xo‘jaligini toza energiya bilan ta’minlashga imkon beradi.
Bu loyiha O‘zbekistonning “yashil” iqtisodiyotga o‘tish va ekologik barqarorlikni ta’minlash borasidagi harakatlariga salmoqli hissa qo‘shadi. Loyihani amalga oshirish maqsadida "Voltalia" kompaniyasi "Sarimay Foreign Enterprise LLC" nomli loyiha kompaniyasini tashkil etgan bo‘lib, u ob’ektni loyihalashtirish, moliyalashtirish, qurish va ekspluatatsiya qilish uchun javobgar hisoblanadi.
Qayd etish joizki, ushbu kafolat Xorazm viloyatidagi loyiha uchun zarur bo‘lgan 80 million dollarlik qo‘shimcha sarmoyalarni, jumladan, Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki tomonidan ajratilgan 54 million dollardan ortiq mablag‘larni jalb qilishda muhim rol o‘ynadi.
Alpha version: 0.9.1.19 build 122601 | Инструменты