7 mart kuni Malayziyaning Selangor shtatida joylashgan "1 Utama" savdo markazida O'zbekiston ziyorat turizmi salohiyatin va "Made in Uzbekistan" brendi ostidagi mahsulotlar ko'rgazma-yarmarkasi ochildi.
E'tiborlisi, "1 Utama" savdo markazida Samarqand shahridagi jahonga mashhur Registon maydoni ko'rinishidagi ulkan pavilyon qad rostladi.
Savdo yarmarkasi mamlakatimizning Kuala-Lumpur shahridagi elchixonasi tomonidan Selangor shtati Administratsiyasi, "Bandar Utama City Centre" kompaniyasi bilan hamkorlikda tashkil etildi. Unda O'zbekiston "Hunarmand" uyushmasi a'zolari, respublikaning oziq-ovqat eksporti bilan shug'ullanuvchi yetakchi kompaniyalari, turkompaniyalar, "Uzbekistan Airways"AJ vakillari ishtirok etmoqda.
Tadbir doirasida O'zbekistonning turizm salohiyatiga bag'ishlangan taqdimotlar o'tkazilmoqda. Mehmonlar O'zbekistonda turizm sohasida olib borilayotgan keng ko'lamli islohotlar, ziyorat turizmini jadal rivojlantirish va ziyoratchilar uchun qulay shart-sharoitlar yaratish bo'yicha amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar haqidagi ma'lumot olish imkoniyatiga ega bo'layaptilar.
Tashrif buyuruvchilar, shuningdek, O'zbekistonning tarixiy va zamonaviy sayyohlik markazlari, boy madaniyati, betakror arxitekturasi va san'ati, milliy an'analari bilan yaqindan tanishayotir.
"Ziyorat turizm", "tarixiy-madaniy turizm", "gastronomik turizm", "Umra+" kabi yangi sayyohlik dasturlari mahalliy aholi orasida keng targ'ib qilinyapti. O'zbekiston va Malayziya turkompaniyalari tomonidan yurtimiz bo'ylab turpaketlar sotuvi yo'lga qo'yildi.
Tadbirda respublika "Hunarmand" uyushmasi a'zolari ishtirokida milliy hunarmandchilik, amaliy san'at, yengil sanoat va ipak mahsulotlari ko'rgazma-savdosi o'tkazildi. O'zbekistonda ishlab chiqarilgan oziq-ovqat, quruq mevalar sotuvi tashkil etildi.
Ko'rgazma-yarmarka 6 aprel sanasiga qadar davom etadi.
Alpha version: 0.9.1.19 build 31217 | Инструменты