Huawei 1
Bill Geyts 20 yil ichida deyarli barcha boyligini xayriyaga yo‘naltirishiga va’da berdi

Microsoft asoschisi Bill Geyts 20 yil davomida deyarli butun boyligini xayriyaga yo‘naltirishini e’lon qildi. Gap Gates Foundation fondi orqali sarflanadigan 200 milliard dollar haqida ketmoqda.

«Keyingi 20 yil ichida men deyarli barcha boyligimni butun dunyo bo‘ylab odamlarni qutqarish va ularning hayotini yaxshilash maqsadida Geyts fondi orqali sarflayman. 2045 yil 31 dekabrda esa fond o‘z eshiklarini butunlay yopadi», — deb yozadi Geyts.

Reutersʼning qayd etishicha, milliarder ko‘plab yordam dasturlarini qisqartirgani yoki to‘xtatib qo‘ygani uchun AQSh prezidenti Donald Trampni bilvosita tanqid qilgan. Geyts yangi tug‘ilgan chaqaloqlar, bolalar va onalarning hayotini «oldini olish mumkin bo‘lgan sabablar»dan saqlab qolish, shuningdek, poliomiyelit, bezgak va qizamiq kabi kasalliklarni yo‘q qilish, qashshoqlikni kamaytirishni xohlayotganini yozdi.

«Odamlar o‘limimdan keyin men haqimda ko‘p narsalarni gapiradi, ammo men ular orasida «U boy holatda vafot etdi», degan jumla bo‘lishini xohlamayman», — deydi milliarder.

CNN’ga ko‘ra, Bill hamda uning sobiq rafiqasi Melinda tomonidan 2000 yilda asos solingan fond ularning o‘limidan keyin ham o‘nlab yillar faoliyatini davom ettirishi reja qilingan edi. Endi esa milliarder pullarni ertaroq sarflashni xohlayotganini ma’lum qildi.

Gates Foundation tashkil etilganidan beri turli dasturlarga, jumladan, OITS, sil va bezgakka qarshi kurashga 100 milliard dollar ajratgan. Bloomberg reytingiga ko‘ra, ayni vaqtda Bill Geytsning boyligi 108 milliard dollarni tashkil etadi.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 50918 | Инструменты