Ma'lumotlarga ko'ra, joriy yilning 10 oyi davomida xorijdan 90 million dollarlik meva import qilindi
EastFruit tahlilchilarining fikricha, 2022-yilda O‘zbekiston meva va yong‘oqlar importi hajmini keskin oshirgan. Xususan, o'tgan 10 oyda meva importi hajmi rekord darajadagi 90 million dollarga yetdi. Bu 2021-yilning shu davridagi importga nisbatan 2,1 barobar, 2020-yilning yanvar-oktyabr oylaridagi importga nisbatan qariyb 3 barobar ko‘pdir.
BMTning Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti iqtisodchisi Andrey Yarmakning fikricha, importning bunday yuqori sur’atlarda o‘sishining birinchi sababi — O‘zbekistonda xalqaro savdoni liberallashtirishning davom etayotgani bilan izohlanadi. Xususan, yaqinda sitrus mevalar va banan hamda boshqa bir qator mahsulotlar importi uchun nol stavka yana bir bor uzaytirildi.
“Importning keskin oshishiga ikkinchi sabab 2021-yilda olma hosilining muvaffaqiyatsizlikka uchragani va 2021-2022-yillarning qish mavsumida ular narxining keskin oshishi bo‘ldi.
Uchinchi sabab – mamlakat aholisining jadal o‘sib borishi va O‘zbekiston iqtisodiyotining o‘sish sur’atlarining davom etayotgani hamda turistar sonining ortishidir.
To‘rtinchi sabab, albatta, oziq-ovqat chakana savdosining davom etayotgan dinamik rivojlanishi, qoida tariqasida, import qilingan mevalarni sotishda eng kuchli hisoblanadi, - deydi Andriy Yarmak.
Bundan tashqari, ekspert import o‘sishida salbiy jihatlarga qaraganda ijobiy tomonlari ko‘proq, deb hisoblaydi. Uning ta’kidlashicha, import qilinadigan mahsulotlar mahalliy ishlab chiqaruvchilarga bosim o‘tkazgan bo‘lsa-da, bu bosim nisbatan kichik bo‘lgan.
Ta'kidlanishicha, import mahsulotlarning tashqi ko‘rinishidan qadoqlanishigacha yangi, yuqori sifat standartlarini belgilamoqda. Bu mahalliy ishlab chiqarish, takomillashtirish va logistika sohasida sifat o‘zgarishlariga olib kelmoqda.
Qayd etilishicha, O‘zbekistonda iste’molchilar kuzdan bahorgacha deyarli yil davomida meva-sabzavot mahsulotlariga Ukraina, Moldova, Gruziya kabi Sharqiy Yevropa mamlakatlaridagi iste’molchilarga qaraganda qimmatroq narxda to‘laydilar. Faqat yozda mamlakatda meva-sabzavot narxlari darajasi raqobatbardoshligicha qolmoqda.
Shunga ko‘ra, import bilvosita eksportga ham, fermerlar daromadiga ham ijobiy ta’sir ko‘rsatadi, chunki yuqori sifat standartlari mahsulotlarni talabchanroq bozorlarga yuqori narxlarda sotish uchun ko‘proq imkoniyatlarga olib keladi”, deb tushuntiradi FAO iqtisodchisi.
Agar meva va yong‘oqlar savdosi ko‘rsatkichlariga qaytadigan bo‘lsak, 2022-yilning 10 oyida eksport importdan 5,6 barobar oshgan. Eng muhimi - meva importining deyarli yarmi bananga to'g'ri keldi. O‘zbekistonga banan importi yil davomida qiymati bo‘yicha 2,2 baravarga oshib, oyiga 11,2 ming tonnaga yetdi.
O‘zbekistonning "Eng ko'p import qilinadigan" mevalari reytingida mandarin va apelsin mos ravishda uchinchi va to‘rtinchi o‘rinlarni egalladi va ularning importi o‘rtacha ikki baravarga oshdi.
Hisobot davrida O‘zbekistonga nok importi 65 foizga, kivi importi 2,2 barobarga, limon importi 5 barobarga, ananas importi esa 80 foizga oshdi.
Bananning asosiy yetkazib beruvchisi boʻlib qolgan Ekvadordan tashqari, Eron, Turkiya, Pokiston, Xitoy, Misr, Polsha va Ozarbayjon ham Oʻzbekistonga meva yetkazib berish hajmini keskin oshirdi.
Afg‘oniston O‘zbekistonga quritilgan mevalar yetkazib berishni, Moldova va Ukraina esa yangi olma yetkazib berishni ko‘paytirdi. Eron va Turkiyadan Oʻzbekiston eng koʻp turdagi meva va yongʻoqlarni import qilgan.
Alpha version: 0.9.1.19 build 100600 | Инструменты