O‘zbekistondagi deyarli barcha davlat ommaviy axborot vositalarining 2025-yilga mo‘ljallangan budjeti 2024-yilga nisbatan oshdi. Bu ushbu yil uchun davlat budjeti to‘g‘risidagi qonun va prezidentning uni ijro etish haqidagi qaroridan ma’lum bo‘lmoqda, deya yozmoqda Gazeta.uz
Xususan, mintaqaviy teleradiokompaniyalar, “O‘zbekiston,” “O‘zbekiston 24,” “Toshkent,” “Sport,” “Madaniyat va ma’rifat,” “Dunyo bo‘ylab,” “Bolajon,” “Mahalla”, “O‘zbekiston tarixi” telekanallarini birlashtirgan Milliy teleradiokompaniyaning (MTRK) budjeti 881,3 mlrd so‘mni (taxminan 68 mln dollar) tashkil etib, 2024-yilga (555,9 mlrd so‘m) nisbatan 58,5 foizga ko‘pdir. 2027-yilga kelib, bu budjet 1 trillion so‘mdan oshishi mumkin.
Kutilishicha, 108 milliard so‘m aholi orasida futbolni ommalashtirish maqsadida ko‘chma televideniye stansiyasini xarid qilishga, yana 20 milliard so‘m esa “O‘zbekiston 24” va “Mahalla” teleradiokanallarini to‘liq HD formatga o‘tkazishga yo‘naltiriladi.
MTRK oldiga davlat rivojlanish dasturlari doirasida strategik maqsad — ochiq fuqarolik jamiyatini qurish, odamlar ongida demokratik qadriyatlarni shakllantirish, “Yangi O‘zbekiston” strategiyasini amalga oshirish doirasida davlat siyosati va islohotlar natijalarini televideniye va radio dasturlari orqali yoritish, shuningdek, ularni jamiyatga yetkazish vazifasi qo‘yildi.
Shu bilan birga, keyingi uch yil ichida teleko‘rsatuvlar hajmi bo‘yicha ko‘rsatkichlar o‘zgarmaydi. Ular yiliga 198,19 ming soat darajasida qoladi. Ammo bu yil radioeshittirishlar soni 14 foizga oshib, 60,08 ming soatga yetishi kutilmoqda.
Kelgusi uch yilda telekanallar (26) va radiokanallar (17) soni o‘zgarmaydi.
Milliy axborot agentligi (O‘zA) budjeti 35,2 mlrd so‘mdan 40,7 mlrd so‘mga (+15,4 foiz) oshadi. Ommaviy axborot vositalarida mamlakat ichki va tashqi siyosati, jamiyatdagi ijtimoiy-iqtisodiy o‘zgarishlar va yangilanishlar, shuningdek, amalga oshirilayotgan chuqur islohotlarning mazmun-mohiyati va natijalarini O‘zbekiston milliy manfaatlari nuqtai nazaridan xolis va izchil yoritish O‘zAning strategik vazifasi etib belgilandi.
2025-yilda O‘zA media sahifalariga obunachilar ulushini ijtimoiy tarmoqlardagi faol foydalanuvchilar soniga nisbatan 3,5 foizga (2026-yilda — 4 foizga), 9 ta xorijiy tilda e’lon qilingan maqolalar ulushini esa har yili e’lon qilinadigan maqolalar umumiy soniga nisbatan 80 foizga yetkazish mo‘ljallangan.
Matnli, foto, video va audiomateriallar sonini 95 mingtaga, yangi obunachilar sonini 165 mingtaga, axborot agentligining video va audiomateriallarini ko‘rish sonini 9,5 millionga yetkazish rejalashtirilgan.
Prezidentning 2025-yilga mo‘ljallangan davlat budjeti ijrosi to‘g‘risidagi qaroriga ko‘ra, “Yangi O‘zbekiston,” “Pravda Vostoka,” “Nurli Jol” va “Ovozi tojik” gazetalari budjeti 65,65 mlrd so‘mni tashkil etadi. O‘tgan yili qozoq tilidagi “Nurli Jol” gazetasi va tojik tilidagi “Ovozi tojik” respublika ijtimoiy-siyosiy gazetasini moliyalashtirish uchun 4,14 mlrd so‘m yo‘naltirish rejalashtirilgan edi.
Oliy Majlisning “Xalq so‘zi” gazetasi va boshqa gazetalarning budjeti haqidagi ma’lumotlar topilmadi.
Alpha version: 0.9.1.19 build 11323 | Инструменты