Huawei 1
O‘zbekiston yalpi ichki mahsuloti yarim yilda 567 trln so‘mdan oshdi

Joriy yilning dastlabki 6 oyida respublika yalpi ichki mahsuloti 6,4 foizga o‘sdi. Bu haqda Statistika agentligi xabar berdi.

Dastlabki maʼlumotlarga ko‘ra, 2024-yil yanvar–iyun oylarida O‘zbekiston yalpi ichki mahsuloti hajmi 567,4 trillion so‘mni (45,2 milliard dollar) tashkil etdi. Bu ko‘rsatkich 2023-yil mos davridagidan 6,4 foizga yuqori.

Yarim yil davomida mamlakatda sanoat ishlab chiqarish hajmi 7,8 foizga, qishloq, o‘rmon va baliqchilik xo‘jaligi 3,8 foizga, qurilish ishlari hajmi 10,1 foizga o‘sdi. Shu bilan birga, xizmatlar ko‘rsatish sohasida o‘sish surʼati 6,4 foiz bo‘ldi.

Joriy yilning dastlabki 6 oyida respublika korxonalari tomonidan 370 trillion so‘mlik sanoat mahsulotlari ishlab chiqarildi. Qishloq, o‘rmon va baliq xo‘jaligi mahsulot (xizmat)lari hajmi 170,3 trillion so‘mni tashkil etdi.

Agentlik tahliliga qaraganda, dastlabki yarim yillikda respublika isteʼmol sektoridagi inflyatsiya darajasi 5,2 foiz bo‘lgan. Yanvar–iyun oylarida mamlakatda oziq-ovqat mahsulotlari narxlari o‘rtacha 1,7 foizga arzonlashgan. Nooziq-ovqat mahsulotlar narxlari 3,3 foizga, xizmatlar 21,1 foizga qimmatlashgan.

Yarim yil davomida O‘zbekiston tashqi savdo aylanmasi hajmi 31,8 milliard dollarni tashkil etib, 2023- yilning mos davridagidan 8,5 foizga ko‘paydi. Bunda eksport hajmi 13 milliard dollarga, import 18,8 milliard dollariga yetgan.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 110712 | Инструменты