Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Makroiqtisodiy va hududiy tadqiqotlar instituti (MHTI) mutaxassislari tomonidan iqtisodiy faollik darajasini baholash va prognoz qilish uchun respublika avtomobil bozoridagi faollik darajasi tahlil qilindi.
Tahlillarga ko‘ra quyidagilar aniqlandi:
2024 yilning III-choragida O‘zbekiston avtomobil bozorida faollik darajasi oshgan bo‘lsada, 2023 yilgi darajada emas. Xususan, joriy yilning iyul-sentyabr oylarida davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan avtomobillar soni 352,8 mingtani tashkil qilib, II-chorakdagiga nisbatan 76,8 mingtaga (27,8 foizga) ko‘paydi. Biroq, bu ko‘rsatkich 2023 yilning mos davridagiga nisbatan 19,9 foiz kam.
Tahlillar tijorat banklari tomonidan ajratilgan avtokreditlar va aholining tasarrufdagi daromadlari avtomobil bozoridagi faollik darajasiga ta’sir etuvchi muhim omillardan biri ekanligini ko‘rsatdi. Xususan, 2021 yil yanvar oyidan 2024 yil sentyabr oyigacha bo‘lgan davrda davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan avtomobillar soni va aholiga ajratilgan avtokreditlar hajmi o‘rtasida (korrelyasiya koeffitsiyenti = 0,72), shuningdek, aholi daromadlari va avtomobillar savdosi o‘rtasida (korrelyasiya koeffitsiyenti = 0,42) mavjudligi aniqlandi.
Joriy yilning dastlabki 9 oyida banklar tomonidan aholiga jami 12,8 trln. so‘m miqdorida avtokreditlar ajratilgan bo‘lib, 2023 yilning mos davridagiga nisbatan 2,4 barobarga kamaygan. Birgina III-chorakda ajratilgan avtokreditlar II-chorakdagiga nisbatan 16,9 foizga va 2023 yilning mos davridagiga nisbatan 3,0 barobarga kamaygan.
Tahlillarga ko‘ra, ajratilgan kreditlarning o‘sish sur’ati so‘nggi 3 yildagi o‘rtacha darajada saqlanib qolsa, yil oxiriga qadar har oyda o‘rtacha 115,0-118,0 mingta avtomobil davlat ro‘yxatidan o‘tkazilishi kutilmoqda.
Ma’lumot uchun: 2023 yilning IV choragida har oyda o‘rtacha 154,8 mingta avtomobillar oldi-sotdisi bo‘yicha shartnoma imzolangan.
Avtokreditlarning sezilarli darajada kamayishi sharoitida, avtomobil korxonalari va dilerlar tomonidan ayrim avtomobillar savdolari uchun chegirmalarning kiritilishi (“GM Uzbekistan”, “BYD”, “KIA”), foizsiz muddatli to‘lovlarning joriy etilishi (“GM Uzbekistan”, “BYD”, “Cherry”) bozorda o‘tgan yillar darajasidagi talabni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan choralar sifatida qaralishi mumkin.
Tahlil jarayonida Ichki ishlar vazirligi Yo‘l harakati xavfsizligi bosh boshqarmasi tomonidan taqdim etilgan davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan avtomobillar soni hamda O‘zbekiston Respublikasi Markaziy bankining avtokreditlar bo‘yicha ma’lumotlaridan foydalanildi.
Prognoz MIDAS (Mixed-data sampling) usulidan foydalangan holda EViews statistik dasturi orqali amalga oshirildi. MIDAS choraklik va oylik statistik ma’lumotlarni birlashtirish asosida baholash hamda prognoz qilish imkonini beradi.
Prognoz ko‘rib chiqilayotgan modelning bir nechta regressiyalarini o‘rtacha baholash asosida amalga oshirildi.
Alpha version: 0.9.1.19 build 111517 | Инструменты