Huawei 1
Anjey Duda: Tramp Ukrainani o‘z holiga tashlab qo‘ymaydi

Polsha prezidenti Anjey Duda X (sobiq Twitter) tarmog‘idagi sahifasida ma’lum qilishicha, AQSHning saylangan prezidenti Donald Tramp Rossiyaga “Ukrainani yo‘q qilish” uchun imkon bermaydi, chunki Oq uyning yangi rahbari “yutqazishni yoqtirmaydi”. 

“Prezident Donald Tramp Rossiyaga AQSH soliq to‘lovchilarining mablag‘lari sarflangan Ukrainani yo‘q qilishga yo‘l qo‘yib berishini tasavvur qila olmayman. AQSH Ukrainaga juda katta miqdorda mablag‘ ajratgan”, deb yozdi Polsha rahbari.

Donald Tramp o‘zining saylovoldi chiqishlarida Ukrainadagi urushni 24 soat ichida to‘xtatishini bir necha bor aytgandi. Biroq buni qanday qilmoqchi ekaniga oydinlik kiritmagan.

Uning bayonotlari sabab Ukrainani qo‘llab-quvvatlash masalasi hamon savol ostida. Bu esa, birinchi navbatda, Yevropa davlatlarini mavhumlik qarshisida qoldirmoqda. 

“Donald Tramp tug‘ma jangchi, u jang qilishni yaxshi ko‘radi va birinchi navbatda yutqazishni yoqtirmaydi”, dedi Duda.

Oq uy hokimiyat Donald Tramp ma’muriyatiga o‘tgunga qadar Ukrainaga imkon qadar ko‘proq harbiy yordam bermoqchi. Bu haqda AQSH davlat kotibi Entoni Blinken Bryusselda ma’lum qilgandi.  

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 111518 | Инструменты