O‘zbekistonda 3-fevral, dushanba kuni oltin quyma va esdalik tangalar narxi rekord darajada oshdi. Bu haqda Markaziy bank ma’lum qildi.
Bir gramm oltin hozirda 1 million 197 ming 760 so‘mga baholanmoqda. Bu juma kungi narxdan 780 so‘mga ko‘p.
Shuningdek, besh grammli oltin quymaning narxi esa 5 million 989 ming so‘mni tashkil qilmoqda. 10 gr oltin quymasi narxi esa 11 978 ming so‘m etib baholangan.
Eslatib o'tamiz, O‘zbekistonda 2025-yil 17-yanvardan boshlab 100 grammlik oltin quymalar ham sotuvga chiqarildi. Ularning narxi 3-fevral holatiga ko‘ra 119 million 776 ming so‘mni tashkil qilmoqda.
Ma’lumot uchun, xalqaro qimmatbaho metallar bozori kon’yunkturasidan kelib chiqib, Markaziy bank tomonidan narxlar kun davomida qayta ko‘rib chiqilishi mumkin.
Avvalroq, Amerikaning Comex birjasida oltin bir troya unsiya uchun 2850 dollardan oshib, yangi rekord o'rnatgani haqida xabar qilingandi. So‘nggi marta oltin narxi 2024-yil oktyabr oyida 2800 dollardan oshgandi.
Oltinning yirik xaridorlari
Butunjahon oltin kengashining (WGC) iyul oyidagi hisobotiga ko‘ra, 2024-yilning ikkinchi choragida jahon bo‘ylab oltin talabi o‘tgan yilga nisbatan 6 foizga kamayib, 929 tonnani tashkil qilgan. Shunga qaramay, markaziy banklar oltin xarid qilishda davom etgan. Eng yirik xaridorlar orasida Polsha Milliy banki (19 tonna), Hindiston Rezerv banki (19 tonna) va Turkiya Markaziy banki (15 tonna) bor.
Oltin quymalar nima va ulardan qanday foydalanish mumkin?
Oltin quymalar — og‘irligi 5, 10, 20, 50, 100 gramm bo‘lgan, 999,9 soflikdagi oltindan tayyorlangan quymalar. Maxsus himoya qadoqlarida sotuv uchun taqdim etiladi. Oltin quymalarning qadog‘i sertifikat vazifasini bajaradi va o‘z seriya raqamiga ega bo‘ladi.
Maqola muallifi: Malika Norboyeva
Alpha version: 0.9.1.19 build 20317 | Инструменты