Huawei 1
O‘zbekistondagi kichik AESni moliyalashtirish uchun xorijiy banklar jalb qilinadi — Otabek Amanov

15-oktabr kuni Atom energetikasini rivojlantirish agentligining (O‘zatom) Atom elektr stansiyasi qurilishi direksiyasi direktori Otabek Amanov Toshkentda o‘tkazilgan xalqaro ilmiy-amaliy anjuman doirasida jurnalistlar bilan suhbatlashib, unda Jizzax viloyatida kam quvvatli atom elektr stansiyasi qurilishi jarayoni haqida so‘zlab berdi. Bu haqda “Spot” xabar berdi.

Hozirgi vaqtda qurilish maydonchasida tabiiy muhit komponentlarini muntazam kuzatuvlar, jumladan, aerometeorologik, gidrologik, gidrogeologik va seysmologik tadqiqotlar olib borilmoqda.

“Maydonchadagi qurilish ishchilari uchun mo‘ljallangan vaxta posyolkasida (maksimal 10 ming ishchi istiqomat qiladi — „Spot“ izohi) qurilish-montaj ishlarini boshlash uchun tayyorgarlik jarayoni ketmoqda. Bundan tashqari, biz [kam quvvatli] atom elektr stansiyasini loyihalash ustida ish boshladik”, — dedi u.

Ayni paytda “Rosatom” bilan birgalikda kichik AESning loyiha hujjatlarini ishlab chiqish bo‘yicha texnik topshiriqlar ko‘rib chiqilmoqda. Loyihaning texnik-iqtisodiy asoslarini ishlab chiqish uchun institutlar allaqachon tanlangan.

2024-yil oxirigacha vaxta posyolkasi va qurilish-montaj bazasida ishlarni boshlash rejalashtirilgan. AESni qurish uchun ta’mirlash-mexanik ustaxonalari, maxsus texnikalar uchun garajlar, armatura sexi va beton-aralashtirish uzellarini o‘z ichiga olgan butun majmuani qurish kerak.

O‘zbekiston qonunchiligi va “MAGATE” tavsiyalariga ko‘ra, AESni qurish uchun uchta asosiy hujjat: stansiyani joylashtirish uchun ruxsatnoma, shuningdek, qurilish va ekspluatatsiya uchun litsenziya olish talab etiladi.

2025-yilda texnik-iqtisodiy asoslash, AMTAL va boshqa hujjatlarni ishlab chiqish, shuningdek, vaxta posyolkasi bo‘yicha qurilish-montaj ishlari davom ettiriladi.

“Kelasi yil oxirida biz regulyatorimizdan [AES] qurilishi maydonchasi uchun ruxsat olishni rejalashtirmoqdamiz. Bundan tashqari, uzoq ishlab chiqarish sikliga ega uskunalar: reaktorlar, turbinalar, generatorlar va boshqa yirik blokli uskunalarga buyurtmalarni joylashtirishni yakunlashni rejalashtiryapmiz”, — dedi Otabek Amanov.

Reaktorning o‘zini ishlab chiqarish 36 oydan 40 oygacha davom etadi. Natijada 2029-yil oxirigacha birinchi reaktor ekspluatatsiyasini amalga oshirish mumkin bo‘ladi.

Atom elektr stansiyasi qurilishi direksiyasi direktori Jizzax viloyatida kichik AES qurilishi loyihasini moliyalashtirish yuzasidan bir qancha mahalliy va xorijiy banklar bilan muzokaralar olib borilganini, “zarur takliflar rahbariyatga kiritilgani"ni aytib o‘tdi.

“Yevropa, Rossiya banklari ham, mahalliy banklar ham bor. Chunki infratuzilmaning bir qismi mahalliy va xorijiy banklar tomonidan moliyalashtirilishi rejalashtirilgan mahalliy pudratchilar tomonidan quriladi. Banklarning eng yaxshi takliflari Iqtisodiyot va moliya vazirligi hamda Markaziy bank bilan kelishiladi”, — deya ta’kidladi u, biroq loyiha qiymatiga aniqlik kiritilmadi.

Otabek Amanovning so‘zlariga ko‘ra, O‘zbekiston ko‘plab kompaniyalar, jumladan, Xitoy bilan hamkorlikda loyiha ustida ishlamoqda. Yadroviy orolni “Rosatom” shuba korxonasi, bosh pudratchi “Atomstroyeksport” bilan qurish rejalashtirilgan. U bilan sentabr oyida AES qurilishini boshlash to‘g‘risida bayonnoma imzolangandi.

Yordamchi obyektlarni qurishga xalqaro kompaniyalar, xususan, turbinali uskunalar, generatorlar va quruq gradirnyalarni yetkazib berish uchun jalb etilishi mumkin.

“Biz allaqachon suv resurslariga qaram bo‘lmaslik uchun quruq gradirnyalardan foydalanishga qaror qildik. Vengriya kompaniyalari ham manfaatdor, ular quruq gradirnyalar uchun juda yaxshi ishlanma va yechimlarga ega. Yevropa kompaniyalari ham, Osiyo kompaniyalari ham loyihamizda ishtirok etish istagini bildirishdi”, — dedi u.

Bundan tashqari, “O‘zatom” va “Rosatom” AESni qurish, kadrlar tayyorlash, stansiya uchun yoqilg‘i importi, texnik xizmat ko‘rsatish va yadro chiqindilarini olib chiqish bo‘yicha shartnomalar tuzdi. Xususan, Rossiya tomoni ishlatilgan yadro yoqilg‘isini olib chiqib ketadi, qayta ishlanadi va ayrim komponentlarini mamlakatga qaytaradi.

Moskva muhandislik-fizika instituti Milliy tadqiqot yadro universitetining Toshkent filialida har yili 100ga yaqin talaba tahsil oladi. Bundan tashqari, 500 nafar mutaxassis ikki yilga Rossiyaga yuboriladi, shundan so‘ng ular eng kichik AES qoshidagi mahalliy o‘quv markazida yana ikki yillik malaka oshirishadi. Ularni tayyorlash 2029-yilgacha yakunlanishi rejalashtirilgan.

“[Atom elektr stansiyasida] 19% yoki 20%gacha boyitilgan uran-235 oksididan foydalaniladi. Bu yoqilg‘i import qilinadi, lekin bir jihati bor. U mahalliy o‘zbek uranining qayta ishlangan xom ashyosi asosida ishlab chiqariladi. Ya’ni, o‘zbek urani eksport qilinadi, ishlab chiqariladi va yoqilg‘i tayyorlanadi, keyin esa qaytarib olib kelinadi. Bu mahalliy uran bo‘lishi sabab, yoqilg‘i narxi ancha arzon bo‘lishiga umid qilamiz”, — dedi direksiya rahbari.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 102000 | Инструменты