Huawei 1
Eldor Aripov: Yangi Markaziy Osiyo vujudga kelayotgani haqida ishonch bilan gapirishimiz mumkin

O'zbekiston Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti (SMTI) direktori Eldor Aripov boshchiligidagi mamlakatimiz delegatsiyasi 16-17-oktabr kunlari Ostona shahrida "O'zgaruvchan dunyo tartibotidagi o'rtahol davlatlar: Xavfsizlik, barqarorlik va izchil taraqqiyotni mustahkamlash" mavzusida tashkil etilgan aql markazlari forumida ishtirok etdi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA.

Ostona xalqaro forumi shafeligida Prezident huzuridagi Qozog'iston Strategik tadqiqotlar instituti tomonidan tashkil etilgan anjumanda Markaziy Osiyo, MDH, Yevropa Ittifoqi, AQSh va Osiyo mamlakatlaridan 45 nafarga yaqin yetakchi ekspert ishtirok etdi. Yalpi majlisda mezbon davlat rahbari Qosim-Jomart Toqayev so'zga chiqdi.

SMTI direktori "II Markaziy Osiyo xavfsizlik va hamkorlik forumi" mavzusidagi sessiyada so'zga chiqib, mintaqamiz rivoji istiqboliga alohida to'xtaldi.

Eldor Aripov yaqin o'tmishda ekspertlar bizning mintaqani "Markaziy Osiyodagi Bolqon", xususan Farg'ona vodiysini esa, keskin ziddiyatlarga moyilligi, yer va suvdan foydalanish, millatlararo adovat bilan bog'liq nizolar tufayli portlash arafasida turgan jismga qiyoslashganini yodga oldi.

– Biz pishib yetilgan barcha muammolarni hal qildik, jiddiy kelishmovchiliklarni bartaraf etishga muvaffaq bo'ldik, – dedi u. – Bu jarayonga 7 yil oldin Prezidentimiz tomonidan Markaziy Osiyo O'zbekiston tashqi siyosatining ustuvor yo'nalishi sifatida belgilanganda kirishildi. Shu tariqa mintaqamiz davlatlari butkul qarama-qarshiliklarga to'la zamondan yaqin sheriklik va hamkorlik davrigacha bo'lgan kattagina yo'lni bosib o'tdi. Bunday yuksalish bizga bemalol Yangi Markaziy Osiyo vujudga kelayotgani haqida ishonch bilan gapirish imkonini beradi. Bugungi kunda mintaqa qadamba-qadam yangi imkoniyatlar va manfaatlar, inklyuziv hamkorlik maydoniga aylanmoqda.

Shu asnoda ekspert mintaqa iqtisodiy ko'rsatkichlari faol o'sib borishi sur'atiga alohida e'tibor qaratdi: Markaziy Osiyo iqtisodiyoti so'nggi o'n yil ichida barqaror – 6,2 foiz o'sib, jahondagi o'rtacha ko'rsatkich (2,6 foiz)dan ikki barobar yuqoriladi. Markaziy Osiyoga jalb qilingan sarmoya miqdori qariyb ikki barobar – 2016-yildagi 27 milliard dollardan 2023 yilga kelib 50 milliard dollarga ko'tarildi. Ayni payt mamlakatlarimiz o'rtasidagi o'zaro to'g'ridan-to'g'ri investitsiya ham yiliga o'rtacha 9 foizdan o'sib boryapti.

Qo'shma korxonalar soni muntazam oshib boryapti. Masalan, 2016-yildan buyon yurtimizda Markaziy Osiyo mamlakatlari kapitali ishtirokidagi biznes subyektlari qariyb 6 barobar – 1830 taga, qo'shni davlatlardagi O'zbekiston korxonalar soni esa 8,5 barobar, ya'ni 4 700 taga ko'paydi.

Mintaqaga allaqachon istiqbolli bozor sifatida qaralmoqda. 2050-yilga borib nufusi 100 million kishidan oshishi taxmin qilinayotgan Markaziy Osiyo eng yosh hududlardan biri bo'lib qoladi – aholining o'rtacha yoshi taxminan 30 yoshni tashkil etadi.

Mutaxassisning ta'kidlashicha, mintaqa raqamli va yashil transformatsiya uchun zarur noyob materiallarga boy zaxiraga ham ega. Ayni holat tashqi hamkorlar qiziqishini yana-da oshiradi. "Markaziy Osiyo+" muloqot formatlari buning yorqin ifodasi. Zero, bugungi kunda mavjud 10 dan ortiq shunday muloqot maydonidan 6 tasi so'nggi 5 yil ichida yaratildi. 2022-yildan boshlab ushbu platformalarning aksariyati davlat rahbarlari darajasida – Xitoy, AQSh, Germaniya va Yevropa Ittifoqi bilan o'tkazilmoqda. Kelgusi yil bu safga Janubiy Koreya ham qo'shiladi.

Ekspertning fikricha, davlatlar ushbu noyob geosiyosiy imkoniyatdan foydalanib, umumiy qarashlarni himoya qilishi va uchinchi davlatlar bilan hamkorlikda mintaqaviy rivojlanish ustuvorligini muvofiqlashtirib olishi zarur. Shu nuqtai nazardan Markaziy Osiyo mamlakatlariga xos bo'lgan, mintaqa iqtisodiy rivojini ta'minlay oladigan raqobatbardosh ustunlikni hisobga olish juda muhim.

Birinchidan, Eldor Aripovning fikricha, mintaqa Yevrosiyo qit'asidagi muhim agrosanoat markaziga aylanish imkoniga ega. Qishloq xo'jaligi mamlakatlarimiz iqtisodiyotining asosiy tarmog'i sifatida qayta ishlash sanoatini zarur xom ashyo bilan ta'minlaydi.

Bugungi kunda mintaqa aholisining 50 foizdan ko'pi qishloqlarda istiqomat qiladi. Qishloq xo'jaligida mehnat qilayotganlar mintaqadagi umumiy ish bilan band kishilarning qariyb 40 foizini tashkil etib, YAIMning 90 milliard dollarga teng qiymatini, ya'ni o'rtacha 20 foizini ta'minlamoqda.

Shu nuqtai nazardan Markaziy Osiyo mamlakatlari o'rtasida agrosanoat kooperatsiyasini rivojlantirish, sohaga sarmoya va yuqori texnologiya jalb etish bo'yicha birgalikdagi sa'y-harakat juda zarur.

Ikkinchidan, ekspertning aytishicha, raqamlashtirishning dolzarbligi ortib bormoqda. Bugungi kunda raqamli texnologiya insoniyat hayotining barcha jabhalariga jadallik bilan kirib borib, iqtisodiy taraqqiyotni harakatlantiruvchi kuchga aylanmoqda.

Jahonning yirik bozorlaridan geografik jihatdan uzoqligi va logistika xarajati yuqoriligi tufayli mintaqa mamlakatlari tovarlari avval boshdanoq raqobatbardoshlikni yo'qotadi. Xususan, yuk tashish xarajati ulushi yakuniy tannarxning 50 foizini tashkil etadi. Bu jahondagi o'rtacha ko'rsatkichdan 11 foiz yoki qariyb 5 barobar qimmat.

Bu vaziyatdan chiqish yo'li IT sohasini keng rivojlantirishdir.

– Aksariyati yoshlardan iborat Markaziy Osiyo aholisi soni tez o'sishi, qolaversa raqamli xizmatlarning eng faol iste'molchilari aynan ular hisobiga to'g'ri kelishi mintaqada IT bozorini rivojlantirish uchun muhim afzallik hisoblanadi, – dedi ekspert.

Farazlarga ko'ra, 2028 yilga borib mintaqada internet foydalanuvchilari 20 foiz ko'payib, 63 million kishiga yetadi, qamrov darajasi 70 foizdan 75 foizga ko'tariladi.Bu mamlakatlarimizga IT mahsulotlari eksportini sezilarli darajada oshirish imkonini beradi.

Birgina O'zbekistonda 2020-yildan buyon IT xizmati eksporti 22 barobar oshib, 2023-yil oxirida 344 million dollarga yetdi.

Uchinchidan, Eldor Aripovning fikricha, qayta tiklanadigan energiya tashqi iqtisodiy sheriklar bilan hamkorlik uchun eng muhim o'sish nuqtalaridan biriga aylanmoqda. Bu, ayniqsa, Markaziy Osiyoda energetika infratuzilmasi rivojlanish sur'ati sanoatlashtirish va urbanizatsiya, shuningdek demografik o'sish tezligidan ortda qolayotgan bugungi kunda juda dolzarb. Shu nuqtai nazardan, ekspert Jahon banki hisobotiga murojaat qilib, 2030 yilgacha energiyaga mintaqaviy ehtiyoj 30 foizdan ko'proq oshishini qayd etdi.

Uning so'zlariga ko'ra, energiya ta'minoti imkoniyatini kengaytirish uchun qayta tiklanadigan manbalarga izchil o'tish, milliy va mintaqaviy energiya tizimini modernizatsiya qilish muhim ahamiyatga ega. Buning uchun Markaziy Osiyo mamlakatlariga yaqin 5-10 yil ichida kamida 20 milliard dollar sarmoya kerak bo'ladi.

– "Markaziy Osiyo+" formatidagi sheriklar bilan ayni yo'nalishdagi rejalar amalga oshirilishi mintaqamiz energiya xavfsizligini mustahkamlashiga ishonchim komil, – dedi SMTI direktori.

Mutaxassis Markaziy Osiyoda yumshoq kuch mavjudmi yoki yo'qligi haqidagi savolga javob berarkan, so'nggi yillarda mamlakatlarimiz mintaqa bu borada ulkan salohiyatga ega ekanini tobora teran anglay boshlaganiga urg'u berdi: "Markaziy Osiyoda tarixan o'troq va ko'chmanchi madaniyatlar o'zaro bog'langan, ko'plab etnik guruhlar yashagan, bag'ri keng ko'p konfessiyaviy muhit hukm surgan. Bu zaminda zardushtiylik vujudga kelgan, buddaviylik shu joydan Sharqqa qarab yoyilgan, islom diniga oid fundamental asarlar bizda yozilgan. Barcha oqimlar, madaniyat va dinlarga nisbatan ochiqlik tafakkur va taraqqiyot kuchli rivojlanishi uchun sharoit yaratgan. Mintaqaning ochiqligi, barqarorligi, qarama-qarshiliklarni murosa asosida hal qilish imkoniyati va rivojlangan infratuzilma Markaziy Osiyodagi mavjud "yumshoq kuch" unsurlarini butun dunyoga namoyon qilish imkonini beradi. Bugun butun dunyoda madaniyatimiz, o'zligimiz, musiqamiz, me'morchiligimiz, kiyim-kechagimiz, milliy oshxonamiz, sportdagi yutuqlarimizga qiziqish tobora ortmoqda. Bularning bari butun mintaqada yumshoq kuchni shaklantirish uchun kuchli manbadir".

Delegatsiyamiz rahbarining so'zlariga ko'ra, biz ulkan madaniy, tarixiy va sivilizatsiyaga oid merosimizni talashish, buyuk allomalarimiz, shoirlarimiz, mutafakkirlarimiz millati haqida bahslashishni to'xtatmoqdamiz. Bu ijobiy tendensiya. Bugungi kunda hammamiz bor mulkimiz umumiy ekanini yaxshi anglayapmiz.

Shu nuqtai nazardan Eldor Aripov birodarlik rishtalarini mustahkamlash, mintaqa mamlakatlari va xalqlarini yaqinlashtirish, Markaziy Osiyoning boy ma'naviy merosini butun dunyoga targ'ib qilishga muhim hissa qo'shgan shoir, mutafakkir Maxtumquli Firog'iy tavalludining 300 yilligiga bag'ishlab yaqinda Turkmanistonda o'tkazilgan forumga e'tibor qaratdi.

Ekspert O'zbekistonda Maxtumquli Firog'iy tavalludining 300 yilligini keng nishonlash to'g'risida alohida qaror qabul qilinganini misol tariqasida keltirdi. Ushbu sana munosabati bilan adabiy kecha, tanlov, anjuman va seminarlar o'tkazilmoqda. Teatrlarda spektakllar namoyish etilmoqda, o'zbek va turkman ijodkorlari birgalikda adib haqida badiiy film suratga oldi. Toshkent va Xivada buyuk siymoga atab yodgorlik o'rnatildi. Yaqinda Qozog'iston va Turkmaniston rahbarlari ishtirokida Ashxobodda Abay haykali ochildi.

– Beqiyos ahamiyatini namoyon etayotgan ushbu umumiy qadriyat tufayli ko'z o'ngimizda bizning yagona madaniy-tarixiy sivilizatsiyamiz qayta gavdalanmoqda. Bu umumiy salohiyatimizni birlashtirish uchun zamin yaratadi, – dedi o'z ma'ruzasi yakunida Eldor Aripov.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 102000 | Инструменты