Ozarbayjon kompaniyasi O‘zbekistondagi oltin konlarini o‘zlashtirishda ishtirok etadi
“AzerGold” YoAJ o‘zining tajribali mutaxassislarini O‘zbekistondagi qimmatbaho metallar konlari bo‘yicha mavjud geologik ma’lumotlarni o‘rganish, oltin konlarini qidirish va o‘zlashtirish bilan bog‘liq tadbirlarga jalb etadi. Bu “AzerGold” YoA va O‘zbekiston Konchilik va geologiya vazirligi o‘rtasida imzolangan memorandumda o‘z aksini topgan.
Memorandumga ko‘ra, loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha o‘zaro texnik yordam ko‘rsatish va aniq takliflar tayyorlash ko‘zda tutilgan.
Hujjatni “AzerGold” YoAJ boshqaruvi raisi Zokir Ibrohimov va O‘zbekiston konchilik va geologiya vaziri o‘rinbosari A’zam Qodirxo‘jayev imzoladi.
Ikki davlat o‘rtasidagi tog‘-kon-geologiya sohasidagi hamkorlik imkoniyatlarini baholash maqsadida avvalroq delegasiyalarning o‘zaro tashriflari amalga oshirilib, institutsional masalalar yuzasidan muhokamalar o‘tkazilgandi.
Qayd etilishicha, muhokamalar chog‘ida rangli va qora rudalarni qidirish va qazib olish, innovatsiyalar va zamonaviy texnologiyalar sohasida tajriba almashish, kadrlar tayyorlash va malakasini oshirish bo‘yicha hamkorlik istiqbollari ko‘rib chiqildi, dastlabki yo‘nalishlar bo‘yicha kelishuvga erishilgan.
Ma'lumot o'rnida, “AzerGold” YoAJ qimmatbaho metallar konlarini qidirish va o‘zlashtirish, shuningdek, mutaxassislarni jalb qilish va texnik yordam ko‘rsatish bilan shug‘ullanadi.
Alpha version: 0.9.1.19 build 50802 | Инструменты