Huawei 1
Telegram’dagi “istoriya”siga terrorchilik tashkilotining qora bayrog‘i ko‘ringan videoni joylagan 18 yoshli yigit qamaldi

Surxondaryo viloyatida Telegram’dagi “istoriya”siga terrorchilik tashkilotining qora bayrog‘i ko‘ringan videoni joylagan 18 yoshli yigit 3 yilga qamaldi. Bu haqda Oliy sud xabar berdi.

Unga ko‘ra, Jinoyat ishlari bo‘yicha Qumqo‘rg‘on tuman sudida 18 yoshli yigitning ishi ko‘rib chiqildi. U jamoat xavfsizligi va tartibiga tahdid soluvchi materialni internet orqali tarqatishda ayblandi.

Sud materiallariga ko‘ra, yigit Telegram’dagi “istoriya” bo‘limiga arab tilidagi nashida ijro etilayotgan, o‘zbekcha titrlar ilova qilingan videoni joylashtirgan. Videoda terrorchilikka aloqadorligi ma’lum bo‘lgan “Iroq va Shom islom davlati” tashkilotiga tegishli qora bayroq ham ko‘ringan.

Yigit ushbu videoni qo‘shig‘ining ohangi yoqqani uchun tarqatganini aytdi. U arab tilini bilmasligini, diniy ta’limga ega emasligini va bunday videolarning jinoiy oqibatlarga olib kelishi mumkinligidan bexabar bo‘lganini ta’kidladi. Ayblanuvchi qilgan ishidan chin dildan pushaymon ekanini bildirib, suddan yengillik so‘radi.

Sud tomonidan u Jinoyat kodeksining 244-1-moddasi 3-qismi bo‘yicha aybdor deb topildi. Unga 3 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi. Sud jazo tayinlashda Jinoyat kodeksining 57-moddasiga asosan yengillashtiruvchi holatlarni ham inobatga olgan.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 71421 | Инструменты