O'zbekistonda xalqaro standartlarni joriy etgan korxonalar soni 5 mingtaga yetkaziladi

Maʼlumki, texnik tartibga solish mahsulot va xizmatlarning xavfsizligi, ishonchliligi, funksional mosligi va sifatini taʼminlash orqali iqtisodiy samaradorlikni oshirishda muhim rol o‘ynaydi.

Makroiqtisodiy va hududiy tadqiqotlar institut bosh ilmiy xodimi Mirhamid To'rayev O'zbekistonda bu borada amalga oshirilayotgan ishlar haqida to‘xtalib o‘tdi: 

–Ilmiy muassasamiz faoliyati bevosita barcha sohalar bo‘yicha erishilayotgan natijalar bilan bog‘liq. Negaki, biz ularda olib borilgan ishlarni o‘rganamiz va tavsiyalar berib boramiz. 

Yaqinda bir guruh ekspertlarimiz tomonidan 2017-2023 yillarda O‘zbekistonda texnik jihatdan tartibga solish faoliyati o‘rganib chiqildi. 

So‘nggi yillarda bu borada amalga oshirilgan islohotlar natijasida uning huquqiy asosi mustahkamlandi. Jumladan, O‘zbekiston Respublikasining “Texnik jihatdan tartibga solish to‘g‘risida”, “Metrologiya to‘g‘risida”, “Standartlashtirish to‘g‘risida”, “Muvofiqlikni baholash organlarini akkreditatsiya qilish to‘g‘risida”gi qonunlari qabul qilindi. 

“Raqamli O‘zbekiston–2030” strategiyasi doirasida “E-Standart”, “E-Metrologiya” va “E-Akkreditatsiya” axborot tizimlari ishlab chiqildi. 19,6 mingga yaqin standart xalqaro talablarga muvofiqlashtirildi va standartlarning umumiy sonida ularning ulushi 10 foizdan 80,4 foizga oshdi. Joriy qilingan xalqaro texnik reglamentlar soni 5,1 barobarga (12 tadan 61 taga) oshdi. 

Eksport salohiyatini rivojlantirish maqsadida turli sohalardagi 1 ming 261 korxonada ISO 9001 xalqaro standartiga muvofiq sifat menejmenti tizimlari joriy etildi. 20,6 mingta korxonada tegishli chora-tadbirlar amalga oshirilib, standartlashtirish (5,6 ming), metrologiya (13,2 ming), sertifikatlashtirish (1,8 ming turdagi mahsulot) yo‘nalishlarida amaliy yordam ko‘rsatildi. 640 mingdan ortiq o‘lchov asboblari metrologik tekshiruvdan o‘tkazildi. 

O‘zbekiston texnik jihatdan tartibga solish agentligi tizimidagi sinov laboratoriyalari modernizatsiya qilinib, yangi uskunalar bilan taʼminlandi. 4 ta laboratoriya xalqaro akkreditatsiyadan o‘tkazildi. 13 ta yangi laboratoriya tashkil etildi. “O‘zbekiston akkreditatsiya markazi” DUK Laboratoriyalarni akkreditatsiya qilish bo‘yicha xalqaro tashkilot (ILAC MRA) ga teng huquqli aʼzo sifatida qabul qilindi. 

Bugungi kunda O‘zbekistonda o‘tkazilgan sinovlarning natijalari dunyoning 116 ta mamlakatida tan olinadi. Oeko Tex, GOTS, BCSI, Sedex, Global GAP, Organic, CE va boshqa xalqaro standartlar to‘qimachilik sanoatida 165 ta, qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat sanoatida 241 ta va elektrotexnika sanoatida 61 ta korxonada joriy etildi. 

Aytish joizki, “O‘zbekiston – 2030” strategiyasini amalga oshirish doirasida texnik jihatdan tartibga solish tizimi ustuvor vazifa sifatida milliy iqtisodiyotning barqaror rivojlanishini taʼminlash, shuningdek, xalqaro standartlarni joriy etgan korxonalar sonini 5 mingtaga yetkazish hisobiga eksport salohiyatini oshirishda ko‘mak beradi. 

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 102220 | Инструменты