“O'zmilliybank”AJ “Mahallabay” tizimi asosida muammolarni hal etishni har tomonlama qo'llab-quvvatlamoqda
“Mahallabay” tizimi – aholi bilan ishlashning eng samarali va an'anaviy mexanizmidir. Mazkur tizim asosida xalqning turmush tarzi, yashash sharoiti yanada yaxshilanmoqda.
“O'zmilliybank” AJ Buxoro viloyati filiali xodimlari ham «mahallabay» tizimi asosida keng ko'lamli ishlarni amalga oshirmoqda. Jumladan, Kogon tumanining 23 ta mahallalaridagi 17 mingdan ziyod oilalar holati o'rganildi. Kerakli yordam ko'rsatish maqsadida ularga 28 nafar tadbirkor biriktirildi. Barcha mahallarda “Temir daftar”, “Ayollar daftari” va “Yoshlar daftari”ga kiritilgan fuqarolarga oid ma'lumotlar yangilandi. Mezonlarga to'g'ri kelmaydigan oilalar ro'yxatdan chiqarildi. Bank xodimlari fuqarolarni bichish-tikish, qandolatchilik va boshqa kasb-hunarlarga o'qitish kurslariga jalb qilish ishlariga ham alohida e'tibor qaratmoqda.
Shuningdek, tadbirkorlar muammolarini hal etish, iqtisodiyotning yetakchi tarmoqlarida yangi biznes-loyihalarni amalga oshirishga ko'maklashish, oilaviy tadbirkorlikni kengaytirish, mahallalarning iqtisodiy salohiyatini rivojlantirish bo'yicha mavjud imkoniyatlardan foydalanishga qaratilayotgan e'tibor o'z samarasini berayotir.
Masalan, Choloki mahalla fuqarosi, “Ayollar daftari”ga kiritilgan uy bekasi Nodira Xolmurodova bankdan olgan kredit hisobiga tadbirkorlik faoliyatini yo'lga qo'ydi. U oilaviy byudjetiga o'z hissasini qo'shayotganidan mamnun.
– Salomatligimning yomonlashgani sababli meni “Ayollar daftari”ga kiritishgan edi, – deydi Nodira Xolmurodova. –– “O'zmilliybank”ning viloyati filiali tikuv mashinasi xarid qilish uchun kredit ajratib menga ko'maklashdi. Uy ishlaridan bo'sh vaqtimda xotin-qizlar uchun libos tikaman, bu juda daromadli kasb. Bundan tashqari, issiqxona uchun ham yordam ko'rsatildi. Nasib etsa, bu yerda ekilgan kartoshka, rediska, ko'katlardan yaxshi hosil olaman.
Aholi bilan ishlash jarayonida hamyurtlarimizga 597 bosh qoramol, 65 ming 600 bosh uy parrandasi, 4000 ta ko'chat hamda 249,5 sotix yerda issiqxona tashkil etish uchun 14,9 milliard so'm kredit mablag'i kerakligi ma'lum bo'ldi.
– Mahallamizdagi 502 ta xonadonda 2531 nafar kishi istiqomat qiladi, 665 ta uy xo'jaligi bor, – deydi Kogon tumani “Choloki” mahalla fuqarolar yig'ini raisi Mirzohid Berdiyev. – 36 nafar xotin-qiz “Ayollar daftari”ga, 59 nafar yigit-qiz “Yoshlar daftari”ga, ikki nafar fuqaro “Temir daftar”ga kiritilgan. “O'zmilliybank” AJ viloyat filiali tomonidan mahalla yoshlarini qo'llab-quvvatlash maqsadida 33 million so'mdan kredit ajratildi. Ularning tanlagan yo'nalishi bo'yicha o'z biznesini tashkil etishiga yordam ko'rsatildi.
– Mahallamizdagi 609 ta uyda 619 oila yashaydi. Bugungi kunda “O'zmilliybank” AJ xodimlari aholining barcha muammolaridan xabardor. Ular aholiga zarur yordamni ko'rsatishmoqda, – deydi Kogon shahar «Bunyodkor» mahalla fuqarolar yig'ini maslahatchisi Muhabbat Shomurodova, – “Temir daftar”, “Ayollar daftari” va “Yoshlar daftari” ga kiritilgan fuqarolar bilan samarali ish olib borilmoqda. “Temir daftar”ga kiritilgan bir hamyurtimiz doimiy ish bilan ta'minlandi, yana bir uy bekasiga kreditga tikuv mashinasini xarid qilish uchun yordam ko'rsatildi.
Bank va hamkor tashkilotlar tomonidan aholini ijtimoiy himoya qilish, manzilli yordam ko'rsatish maqsadida mehr-shafqat va yordam aksiyalari o'tkazilmoqda. “Mahallabay” tizimi asosida 80 nafar fuqaroga 1600 bosh uy parrandasi, 2 ta tikuv mashinasi taqdim etildi, 184 nafar hamyurtimizga issiqxonalar tashkil etish uchun yordam ko'rsatildi, 66 nafar kishining bandligi ta'minlandi.
Bundan tashqari, mahallalarga biriktirilgan bank xodimlari tomonidan 268 ta bo'sh turgan binolar holati o'rganilmoqda. Shulardan 84 tasi 74 nafar tadbirkorga berildi. Ular tomonidan amalga oshiriladigan 96,3 milliard so'mlik loyihalar doirasida 478 ta yangi ish o'rni yaratiladi.
Shu bilan “mahallabay” tizimi doirasida amalga oshirilayotgan ishlar to'xtab qolmaydi. “O'zmilliybank” AJ Buxoro viloyati filiali xodimlari bundan keyin ham mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng ko'lamli islohotlarni qo'llab-quvvatlagan holda aholiga kerakli yordam ko'rsatishni davom ettiradi.
Reklama huquqi asosida
Alpha version: 0.9.1.19 build 50819 | Инструменты