Huawei 1
Qo‘shtepa kanali yiliga o‘rtacha 500 mln dollar foyda keltirishi mumkin — ekspert

Qo‘shtepa kanalining ishga tushirilishi Afg‘onistonga har yili o‘rtacha 500 million dollar daromad keltiradi. Bu haqda suv resurslarini boshqarish bo‘yicha afg‘on eksperti Najibulla Sadid Tolonews’ga bergan izohida ma’lum qildi.

Mutaxassislarning fikricha, ushbu kanal qurilishi tugallanishi bilan Afg‘oniston bug‘doy yetishtirish bo‘yicha o‘z-o‘zini ta’minlashga erishadi, mamlakat iqtisodiyotida esa sezilarli yutuqlarga erishiladi.

“Qo‘shtepa va uning barcha yordamchi kanallari qurib bitkazilgach, Afg‘onistonga yillik 470-550 million dollar daromad olib kelishi kutilmoqda”, — deydi Sadid.

Afg‘oniston Milliy taraqqiyot korporatsiyasi Qo‘shtepa kanalining suv olish inshooti qurilishi 50 foizga, ikkinchi bosqichdagi qazish ishlari esa 30 foizga oshganini ma’lum qildi. Yil oxirigacha Faryob viloyatining Andxoy tumaniga yetib borishi kutilayotgan kanalning ikkinchi bosqichi uchun qazish ishlari qiymati 20 milliard afg‘oniga (283 million dollardan ortiq) baholanmoqda.

"Qo‘shtepa kanali loyihasi uzoq muddatli loyiha. Biz uning taʼsirini qisqa muddatda ko‘ra olmaymiz. Ammo loyiha tegishli boshqaruv uslublari asosida amalga oshsa, u Afg‘oniston iqtisodiyotiga ta’sir o‘tkazishi mumkin", — deydi iqtisodchi ekspert Shokir Yoqubiy.

Qo‘shtepa kanali loyihasi Amudaryoning suv resurslarini boshqarish sohasidagi yirik loyihalardan biridir, u hozirda Afg‘oniston shimolida amalga oshirilmoqda. Kanalning birinchi bosqichi ishga tushirilgan, ammo Markaziy Osiyo davlatlari bu loyihadan xavotirda.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 122222 | Инструменты