Taksichilik va "yashirin iqtisodiyot": pashshadan tuya yasamaylik...
Dono xalqimizning “Ko'p gap – og'ir yuk”, “Ishning o'zini emas, ko'zini bil” naqllarida buyuk bobokalonimiz Al Xorazmiy ilmi asosida yaratilgan zamonaviy axborot texnologiyalari nazarda tutilgandek ko'rinadi.
Mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlar ham biznes jarayonida ushbu texnologiyalar asosida raqamli iqtisodiyotni shakllantirish bilan birga olib borilayotganligi bois «yashirin iqtisodiyot»ga barham berish uchun real imkoniyatlar yaratildi.
Ammo bu imkoniyatlar ro'yobga chiqishi uchun qabul qilinayotgan chora- tadbirlar illatining asl mohiyati, sabablari va ko'rinishlari mutasaddi idoralar rahbarlari-yu mas'ul xodimlari, fikr-mulohaza yuritib o'z takliflarini bildirayotgan ekspert-mutaxassislar, qolaversa, qonun ijodkorlarimiz tomonidan to'g'ri talqin qilinishiga asoslanishi kerak.
Afsuski, «yashirin iqtisodiyot»ga qarshi yeng shimarib kurash boshlaganimizga qaramay, uning sabab-oqibatlari borasida biroz chalkashib qolganday ko'rinamiz. Moliya vazirligi muhokamaga qo'ygan «yashirin iqtisodiyot»ni qisqartirishga qaratilgan normativ hujjat loyihasi mazmuni so'zlarimizga misol bo'la oladi. Qarangki, loyihaning 1-bandidayoq jismoniy shaxslarga taksi faoliyatini yuritishga ruxsatning berilishi muhim chora sifatida qayd etilgan! Aslida noqonuniy taksichilik shu darajada katta muammomi? Fikrimizcha, aslo yo'q. Shu o'rinda buyuk masalchi Ivan Krilovning bir qahramoni esga tushadi: u hayvonot bog'ida kapalaklarni tomosha qilib, zo'r taassurotda qolganini aytadi. Lekin jonzotlarning eng kattasi haqida so'rashganda «Filni ko'rmadim» deb javob beradi.
Aynan loyiha mualliflarini fildek muammolar qolib, kapalakdek masalalar e'tiborini tortganligi biroz ajablantiradi. 2019 yilda Moliya vazirligi vakilining taksi xizmatining legallashuvi byudjet daromadlarini 180 mlrd so'mga, mamlakat YAIMni 0,1%ga oshirishi haqidagi ma'lumotlaridagi raqamlar qanchalik katta ko'rinmasin, «yashirin iqtisodiyot» ulushi 40-50% atrofida bo'lib, bir necha yuz trln so'm bilan o'lchanishi tan olinayotganini e'tiborga olsak, noqonuniy taksi sohasi haqiqatan «kapalak»ka tenglashadi! Kirakashchilik – «yashirin iqtisodiyot»ning kichkina ko'rinishlaridan biri xolos. Qizig'i shundaki, bu «yashirin iqtisodiyot» turining aslida yashirin joyi ham yo'q - uni hamma biladi, ko'radi, ko'pchilik xizmatlaridan foydalanadi.
Kirakashlar orasida oldingi kasbi va ma'lumoti bo'yicha o'qituvchilar, vrachlar, militsionerlar, oliygoh domlalari, opera xonandalari, davlat xizmatchilari bor... Bu «yashirin faoliyat»ga majbur qiluvchi sababni esa yashirishning hojati yo'q – ishsizlik! Maqsadi esa – tirikchilik... Kirakashlarning tushumidan ular xarajatlari-yu yashashi uchun minimum summani ayirsa, qolgan summa soliq bazasini tashkil qilishi mumkin, va bu summa kirakashlikka «yashirin iqtisodiyot» bilan kurashda birinchi darajadagi muammo sifatida qarashga arzigulik bo'lmasa kerak, nazarimda.
«Yashirin iqtisodiyot»ning asosiy o'zaro bog'liq bo'lgan ikkita sababi bor: (1) nomaqbul soliq tizimi va (2) nazoratsizlik.
Birinchi sababni bartaraf etish uchun ancha o'zgarishlar amalga oshirildi. Ularni sanab o'tirmaymiz. Ammo, baribir maqbul soliq tizimi yaratilgani yo'q.
Moliya vazirligimiz boshchiligidagi soliq islohotchilari erkin valyuta konvertatsiyasi va mehnat soliqlarini pasaytiribgina (yana soliq solinmaydigan minimumni unutgan holda) mamlakatimizda maqbul biznes muhitini ta'minlamoqchi bo'ldi-yu, ammo bundan ish chiqmadi.
2019 yilda barcha biznes sub'ektlarini 20%lik QQSga (7%lik soddalashtirilgan QQS, «kiruvchi» soliqni hisobga olmaganligi sababli, 20%likdanda og'ir edi) o'tkazish bilan, buning ustiga kreditlarning yuqori foiz stavkalari saqlanib qolinganini hisobga olganda, tadbirkorlik muhiti, ayniqsa kichik biznes qismida, sezilarli darajada yaxshilanmadi.
Natijada mamlakatimiz Prezidenti shaxsan soliq «ikir-chikirlariga» aralashishga majbur bo'lib, QQSni 20%dan 15%ga tushirishga ko'rsatma berdi. Soliq yuki haqiqatan ham biroz yengillashganday bo'ldi, ammo soliq islohotlari hali yakunlangani yo'q, ularni muayyan tuzatishlarni kiritgan holda davom ettirish lozim (bu borada muallif takliflari oldingi maqolalarda bayon etilgan ).
«Yashirin iqtisodiyot»ning ikkinchi asosiy sababi - nazoratsizlik bartaraf etilgani yo'q. Aslida nazorat - tanganing ikkinchi tomoni, qonun doirasidagi nazoratga tadbirkorlik erkinligini cheklash sifatida qaramaslik kerak.
Ayni paytda hujjatli tekshiruvlarga moratoriy amal qilmoqda. Fikrimizcha, «yashirin iqtisodiyot» muammosini hisobga olib, ushbu moratoriyni quyidagicha transformatsiyalash maqsadga muvofiq: (1) soliq tekshiruvlari natijasida aniqlangan huquqbuzarliklar yuzasidan (ijtimoiy xavfli huquqbuzarliklar bundan mustasno) moliyaviy sanksiyalarni qo'llashga 2-3 yillik moratoriy joriy etish va (2) shu davrda barcha xo'jalik sub'ektlarida moliyaviy sanksiyalarni qo'llash huquqisiz soliq auditini o'tkazish.
Binobarin, soliq tekshiruvlari korxonalar uchun ular faoliyatiga ko'maklashuvchi bepul maslahatga aylanadi va soliq organlari tomonidan soliq to'lovchilarga soliq majburiyatlarini bajarishda yordam berish, biznes sohasida va umuman, jamiyatimizda soliq madaniyatini oshirish bobida belgilangan vazifalarning bajarilishiga xizmat qiladi.
Ushbu taklifni tashkiliy jihatdan ta'minlash uchun soliq organlari xodimlari sonini optimallashtirish, zarur bo'lsa, ko'paytirish, ushbu organlardan yuqori malakali, tajribali xodimlarning chiqib ketishini to'xtatish, soliqchilar ish haqini 2-3 baravar oshirish orqali ular safiga yangi yuqori malakali mutaxassislarni jalb qilish maqsadga muvofiqdir. Shu nuqtai nazardan, ko'rib chiqilayotgan loyihadagi soliq organlari xodimlari sonini qisqartirish taklifi «yashirin iqtisodiyot»ga kurashish maqsadlariga hech ham javob bermaydi deb hisoblaymiz.
Tekshiruvlar bobida yana qayd etish kerakki, (1) elektron hisobot, (2) elektron hisobvaraq-fakturalar, (3) onlayn-kassa apparatlari, (4) «Yagona milliy mehnat tizimi»da mehnat munosabatlarini elektron ro'yxatdan o'tkazish tizimlari va raqamli iqtisodiyotning boshqa dastaklari tufayli xo'jalik yurituvchi sub'ektlarning faoliyati nazorat qiluvchi organlar uchun shaffof bo'lib, «tekshirish kerakmi yoki yo'qmi?» degan savol ma'noga ega bo'lmay qoldi.
Bu dastaklar - «yashirin iqtisodiyot»ga barham berish uchun real imkoniyat.
Loyihada «yashirin iqtisodiyot»ni qisqartirish ishlarini muvofiqlashtirish bo'yicha maxsus komissiya tuzilishi va tegishli davlat idoralarining rahbarlari yoki ularning o'rinbosarlari (hududlarda esa birinchi rahbarlar) ushbu komissiya a'zolari bo'lishi nazarda tutilgan (1-, 2-ilovalar). Aslida bunday komissiya tuzilmaganda ham ushbu idora va rahbarlarning qonunchilikda belgilangan vazifalari «yashirin iqtisodiyot»ga yo'l qo'ymaslikni nazarda tutadi.
Shunday ekan, fikrimizcha, «holva» degan bilan og'iz shirin bo'lib qolmaganidek, nomlanishlarida «yashirin iqtisodiyot»ga qarshi kurashish» iborasi bilan komissiyalar, tashkilotlar, bo'linmalar, normativ hujjatlar va h.k. ko'payishiga zo'r berish emas, balki qonunchilikni, birinchi navbatda, soliq qonunchiligini takomillashtirib, uning ijrosi ta'minlanishini nazorat qilish - yagona oqilona yo'ldir.
Boz ustiga, zamonaviy axborot texnologiyalari «yashirin iqtisodiyot»ga barham berish imkoniyatini ro'yobga chiqarishni ancha yengillashtiradi. Buni taksi kerak bo'lgan paytda qo'l telefonimizda 2-3 havolani bosganimiz bilan 3-4 daqiqada eshigimiz oldida «men keldim» deb xabar yuboradigan xizmat ham isbotlab turibdi.
Farhod QURBONBOYEV,
iqtisod fanlari nomzodi.
Alpha version: 0.9.1.19 build 50810 | Инструменты