Huawei 1
Xalqaro elektrotexnika komissiyasi tarkibida elektrotexnika jihozlari va komponentlarining muvofiqligini baholash sxemasi joriy etildi

Xalqaro elektrotexnika komissiyasi (IEC) tarkibida elektrotexnika jihozlari va komponentlarining muvofiqligini baholash sxemasi (IECEE SB Scheme) joriy etilgan.

Mazkur sxemaga 53 ta mamlakat a’zo hisoblanadi. Ushbu mamlakatlar milliy darajada sertifikatlash yoki tasdiqlash uchun sinov natijalarini o‘zaro tan olish tamoyili asosida ishlaydi.

2025-yil yanvar–may oylarida IECEE SB sxemasiga a’zo 53 ta davlatdan 36 tasiga 383,4 mln AQSH dollari miqdorida elektrotexnika mahsulotlari eksport qilingan.

IECEE tizimi mamlakatlararo sertifikatlash mezonlari asosida savdo to‘siqlarini kamaytirish, korxonalarni yangi bozorlarga kirish, har bir mamlakatda sinov natijalari va muvofiqlik sertifikatlarini o‘zaro tan olish imkoniyatini yaratadi.

O‘tkazilgan tahlillar natijasida, IECEE SB sxemasiga kirish va ushbu tizimda faoliyat ko‘rsatish orqali a’zo mamlakatlarning elektrotexnika mahsulotlarini eksport qilish hajmi 30 foizdan qariyb 1,5 baravargacha oshganini ko‘rish mumkin.

Shuningdek, sxema orqali sertifikatlangan mahsulot xorijda yuqori brendga aylanishi va boshqa mamlakatlarda ham ushbu mahsulotlarga bo‘lgan talabni oshirishga xizmat qiladi.

Mazkur tizimga qo‘shilish borasida olib borilgan muzokaralar natijasida, Xalqaro elektrotexnika komissiyasi qaroriga ko‘ra, O‘zbekiston nomidan O‘zbekiston standartlar instituti IECEEning a’zo organi (Member body) sifatida rasman qabul qildi.

Qo‘shimcha ravishda, tizim mazmun va mohiyatini elektrotexnika mahsulotlarini ishlab chiqaruvchi va eksport salohiyatiga ega korxonalarga yetkazish maqsadida, "O‘zeltexsanoat" uyushmasida korxona va tashkilotlar ishtirokida davra suhbati o‘tkazildi.

Bugungi kunda ISO/IEC 17065 va IECEE SB Scheme talablariga muvofiq "O‘zbekiston ilmiy sinov va sifat nazorati markazi" davlat muassasasi ("UzTest" DM) qoshida Milliy sertifikatlashtirish idorasi (NCB – National Certification Body)ni tashkil etish ishlari boshlandi.

Ma’lumot uchun: "UzTes" DM qoshidagi Toshkent sinov laboratoriyalar majmuasi O‘zbekiston akkreditatsiya markazidan O‘ZAK.SL.0309 reestr raqami bilan akkreditatsiyadan o‘tgan. Laboratoriya majmuasi elektrotexnika jihozlariga oid 983 ta sinov usuliga ega bo‘lib, mahsulotlar kesimida 65 foizdan 95 foizgacha qamrovga ega.

Mazkur boshlangan ishlarni izchil davom ettirish maqsadida, quyidagi vazifalar bosqichma-bosqich amalga oshirilmoqda. Jumladan:

IECEE SB sxemasi doirasida elektrotexnik mahsulotlarni ko‘rsatilgan standartlar asosida tanlab olish;

Ma’lumot uchun: Tanlab olinadigan mahsulot IECEE SB sxemasi qoidalariga asosan o‘zaro tan olinishi nazarda tutilgan, bunda davlat tomonidan majburiy ravishda muvofiqligi baholanadigan mahsulotlar mustasno bo‘lishi kerak.

- muvofiqlikni baholash tizimida ishtirok etuvchi Milliy sertifikatlashtirish idorasini IECEE kotibiyatiga a’zo qilish uchun ariza topshirish;

- sinov laboratoriyasini ISO/IEC 17025 xalqaro standarti va SB sxemasi talablariga muvofiq baholash ishlariga tayyorlash;

- baholash natijalariga asosan sinov laboratoriyasini IECEE kotibiyati maqomidagi laboratoriya sifatida a’zo bo‘lish uchun ariza topshirish;

- IECEE kotibiyatiga taqdim etiladigan hujjatlarni ishlab chiqishda xalqaro ekspertlarni (Norvegiya, Belorussiya, Rossiya) jalb qilish.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 92919 | Инструменты