Bu “O‘zbekiston–2030” strategiyasini “Atrof-muhitni asrash va "yashil" iqtisodiyot yili"da amalga oshirishga oid davlat dasturi to‘g‘risida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Farmoni loyihasida keltirib o‘tilgan.
Kimlarga beriladi?
Loyihaga ko‘ra, ko‘kalamzorlashtirishga hissa qo‘shgan, jumladan, korxonani “yashil belbog‘” bilan o‘ragan, sug‘orish tizimlarini o‘rnatgan, tomchilatish, yomg‘irlatish va konteynerli (qopli) sug‘orish tizimini joriy qilgan, energiya tejamkorligi, jumladan, energiya tejovchi uskunalar va texnologiyalarni amalda qo‘llagan tadbirkorlarga “Yashil tadbirkor” maqomi beriladi.
Shuningdek, bunday tadbirkorlar korxonaning atrof-muhitga ta’sirini kamaytirishi, jumladan, ekologik huquqbuzarlik sodir etmasligi, atmosferaga tashlamalarni onlayn monitoring qilish tizimidan foydalanishi va ishlab chiqarishga sirkulyar iqtisodiyotni joriy qilish (“7R”) tamoyilini tatbiq etishi lozim.
Qanday imtiyozlar taqdim etiladi?
“Yashil tadbirkor” maqomini olgan tadbirkorlik sub’ektlari “Shaffof qurilish” platformasida ustuvorlikka ega bo‘ladi. Shuningdek, muayan muddat davomida ekologik tekshiruvlardan ozod etiladi va xalqaro bozorlarga chiqish uchun qo‘llab-quvvatlanadi. Qolaversa, taqdirlash uchun “Tabiat himoyachisi” ko‘krak nishoniga tavsiya etiladi va tadbirkorlik sub’ektlarining barqarorlik reytingi doirasida qo‘shimcha ball beriladi.
Qanday foydali tomonlari bor?
“Yashil tadbirkor” platformasining ishga tushirilishi O‘zbekiston Respublikasining “yashil” iqtisodiyotga o‘tish strategiyasi doirasida "yashil” va inklyuziv iqtisodiy o‘sishni ta’minlash borasida amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar samaradorligini oshiradi. Shuningdek, qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanish hamda iqtisodiyotning barcha tarmoqlarida resurslarni tejashni yanada kengaytirishga yordam beradi.
Alpha version: 0.9.1.19 build 11321 | Инструменты