Huawei 1
Suriyaning yangi hukumati xorijiy mahsulotlar importiga ruxsat berdi

Suriyada Bashar Asad rejimi ag‘darilganidan keyin yangi hukumat mamlakatga chet el mahsulotlari importiga qo‘yilgan taqiqni bekor qildi, deb xabar bermoqda Financial Times.

Qayd etilishicha, Suriya do‘konlari peshtaxtalarida Pepsi, Pringles chipslari, Twix va Snickers shirinliklari, Heinz ketchup, Livan bananlari paydo bo‘lgan.

Bashar Asad boshqaruvi davrida mahalliy ishlab chiqaruvchilarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida, shuningdek, 2013 yilda fuqarolik urushi boshlanganidan keyin Suriyaga qarshi joriy etilgan xalqaro sanksiyalar tufayli xorij valutasi yetishmasligi hisobiga chet el tovarlarini olib kirish qiyin yoki umuman imkonsiz edi. Ko‘plab xorijiy mahsulotlar Suriyada Livan kompaniyalari bilan birgalikda tashkil etilgan qo‘shma korxonalar yoki boshqa nomlar ostida ishlab chiqarilgan.

Bundan tashqari, Bashar Asad boshqaruvi davrida budjetga tushumlarni oshirish uchun ayrim import tovarlariga yuqori bojlar joriy etilgan. Masalan, o‘tgan yilda bir dona yangi iPhone uchun joriy etilgan boj qiymati 900 dollargacha bo‘lgan.

Ma’lum qilinishicha, oxirgi vaqtlarda ko‘plab import tovarlari qo‘shni Turkiya va Livandan kontrabanda yo‘li bilan olib kirilib, Suriya «qora bozori»da sotilgan, bu bilan shug‘ullangan savdogarlarga nisbatan esa jarima va boshqa turdagi jazolar qo‘llangan.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 11415 | Инструменты