Huawei 1
Jahon banki O‘zbekistonni iqtisodiyot o‘sishi va jahon savdosiga integratsiyalash uchun xizmatlar sohasini isloh qilishga chaqirdi

Jahon banki O‘zbekiston iqtisodiy o‘sishining asosiy omillaridan biri bo‘lgan xizmatlar sohasining O‘zbekistondagi holati bo‘yicha yangi hisobotini taqdim etdi. Unda tashkilot iqtisodiyot o‘sishi, ish o‘rinlari yaratish va jahon savdosiga integratsiyalashish uchun O‘zbekistonni xizmatlar sohasini isloh qilishga chaqirdi va qator tafsiyalar berdi.

Hisobotda sohani rivojlantirish yo‘lidagi qiyinchilik va imkoniyatlar tahlil qilinib, uni liberallashtirish va modernizatsiya qilishga yo‘naltirilgan islohotlar taklif etilgan. Tegishli chora-tadbirlarning amalga oshirilishi mehnat unumdorligining oshishiga, yangi ish o‘rinlarining yaratilishiga va xizmatlar sohasiga investitsiyalar jalb etilishiga hamda iqtisodiyotning o‘sishda davom etishiga olib kelishi aytilgan.

Xizmatlar sohasi O‘zbekiston iqtisodiyotining asosiy ustunlaridan biri bo‘lib, YAIM o‘sishini rag‘batlantirish va ish o‘rinlarini yaratishda muhim rol o‘ynashi ta’kidlangan. 2023-yilda uning YAIMdagi ulushi nominal qiymatlarda 43,9 foizni tashkil etib, sanoat (23,5 foiz), qishloq xo‘jaligi (20,6 foiz) va qurilish (7,1 foiz) hissasidan yuqoriroq bo‘lgan.

O‘zbekistonda barcha ish o‘rinlarining yarmidan ko‘pini ta’minlab kelayotgan xizmat ko‘rsatish sohasi mustaqillikka erishilganidan buyon mamlakat iqtisodiyotini tarkibiy jihatdan transformatsiya qilishda asosiy rol o‘ynagan. 1991-yildan 2022-yilgacha ushbu sektordagi bandlik ulushi 37 foizdan 50 foizgacha oshdi, bu esa qishloq xo‘jaligida bandlik darajasi pasayishini deyarli to‘liq qoplash imkonini berdi.

2017-yildan boshlab O‘zbekistonda bozor islohotlari barqaror iqtisodiy o‘sishga zamin yaratib, yalpi ichki mahsulotning o‘rtacha yillik o‘sish sur’ati 5,5 foiz atrofida bo‘ldi. 2023-yilda xizmatlar sohasining rivojlanishi ortidan YAIM 6,3 foizga o‘sdi. 2024-yilda mamlakat yalpi ichki mahsuloti yana 6 foizga o‘sishi kutilmoqda, bu esa O‘zbekistonga Yevropa va Markaziy Osiyo mintaqasidagi eng tez rivojlanayotgan beshta iqtisodiyot qatoriga kirish imkonini beradi.

“Biroq, hozirgi vaqtda iqtisodiyotning tarkibiy transformatsiyasi sekinlashdi va xizmatlar sohasining yalpi ichki mahsulotdagi ulushi past darajada oshdi — 2010-yildagi 41 foizdan 2022-yilda 44 foizgacha, ushbu sektorda bandlik ulushi esa 2010-yildan beri qariyb 50 foiz darajasida barqarorlashdi”, — deyiladi hisobotda.

“Barqaror o‘sishni ta’minlash uchun xususiy sektorni kengaytirish va xizmatlar sohasini, ayniqsa global innovatsion xizmatlar sub-sektorini yanada rivojlantirishga qaratilgan islohotlarni amalga oshirish zarur. Bunday xizmatlarga axborot-kommunikatsiya texnologiyalari (AKT), professional xizmatlar (konsalting, yuridik, arxitektura, muhandislik va boshqalar), shuningdek moliyaviy xizmatlar kiradi”, — deya qayd etgan Jahon banki.

Hisobotda qayd etilishicha, O‘zbekistonda iqtisodiy o‘sishning yuqori sur’atlarini ta’minlash va yangi ish o‘rinlarini yaratish uchun xizmatlar sohasining salohiyati yetarli darajada amalga oshirilmay qolmoqda. Xususan, sektordagi bandlikning qariyb 60 foizi chakana savdo, mehmonxona biznesi va transport kabi past malakali xizmatlar sub-sektorida to‘plangan. Ushbu yo‘nalishlarda 2017-yilda 2022-yilgacha bo‘lgan davrda mehnat unumdorligi bo‘yicha katta natijalarga erishilmadi.

Shu bilan birga, sog‘liqni saqlash va ta’lim kabi ijtimoiy xizmatlar asosan davlat xarajatlarining oshishi hisobiga kengaydi. 2017−2022-yillar oralig‘ida xizmatlar sohasidagi jami yangi ish o‘rinlarining 77 foizi aynan ushbu sub-sektorda yaratilgan.

Yuqorida tilga olingan sub-sektorlar bilan taqqoslaganda, ixtisoslashgan bilim va ko‘nikmalarni talab qiladigan global innovatsion xizmatlar sanoatga qaraganda ikki baravar yuqori mehnat unumdorligini ko‘rsatadi. Biroq, ushbu sub-sektorda xizmat ko‘rsatish sektoridagi barcha ishchilarning atigi 4 foizi ishlaydi. Xususiy sektor global innovatsion xizmatlar ulushini, shuningdek, past malakali xizmatlar sub-sektorida mehnat unumdorligini oshirishi mumkin.

Xizmatlarning turli sub-sektorlari samaradorligini oshirish uchun Jahon banki o‘z hisobotida O‘zbekistonga uchta yo‘nalishda progressga erishish orqali asosiy vazifalarni hal qilishga e’tibor qaratishni tavsiya qiladi: tashqi bozorlar bilan bog‘liqlikni rivojlantirish, mahalliy kompaniyalar va korxonalar raqobatbardoshligini kuchaytirish, shuningdek ishchilarning zarur kompetensiyalarni (bilim va ko‘nikmalarni) egallashi. Nima uchun bu omillar muhim?

Ta’kidlanishicha, dengizga chiqish imkoniyatiga ega bo‘lmagan mamlakat sifatida O‘zbekiston tashqi bozorlarga kirish imkoniyatini kengaytirish uchun o‘zining jismoniy va raqamli bog‘liqligini takomillashtirishi kerak. Jismoniy bog‘liqlik sohasida 2023-yilda O‘zbekiston Jahon bankining Logistika samaradorligi indeksida dunyoning 139 iqtisodiyoti orasida 88-o‘rinni egallagan.

Hisobotda aytilishicha, raqamli bog‘liqlik sohasida aholining 4G/LTE tarmog‘i kabi yuqori tezlikdagi mobil internetdan foydalanishi cheklanganligicha qolmoqda — uning qamrovi 2023-yilda 92 foizni tashkil etdi, bu ushbu aloqa turi bilan umumiy qamrovdan kamroq. Shu bilan birga, aholining atigi 40 foizi raqamli to‘lovlardan foydalanadi. Xususan, ushbu cheklovlar AKT xizmatlari va raqamli biznes rivojiga to‘sqinlik qilmoqda.

Raqobatbardoshlikni kuchaytirish sohasida Jahon banki va JSTning Xizmatlar savdosidagi cheklovlar indeksi O‘zbekiston 31 ta sub-sektorning 11 tasida transchegaraviy xizmatlar ko‘rsatish uchun to‘liq yopiq ekanligini ko‘rsatmoqda. Ular orasida arxitektura, muhandislik va buxgalteriya xizmatlari kabi bir nechta professional xizmatlar mavjud.

Bundan tashqari, O‘zbekiston fuqarolarining shaxsiy ma’lumotlarini mamlakat hududida joylashgan texnik vositalarda saqlash to‘g‘risidagi qonunchilik talablari (shaxsiy ma’lumotlarning lokalizatsiyasi) mahalliy firmalar va kompaniyalar tomonidan transchegaraviy AKT xizmatlarini ko‘rsatishni sezilarli darajada cheklaydi.

Shu bilan birga, telekommunikatsiya tarmog‘ida, shuningdek, havo va temir yo‘l transporti xizmatlarini ko‘rsatishda davlat korxonalarining ustunligi bozor raqobati uchun sezilarli to‘siqlarni keltirib chiqaradi va ushbu sohalarga xususiy investitsiyalarni jalb qilishni qiyinlashtiradi.

Hisobotda keltirilishicha, zarur kompetensiyalarni egallash bo‘yicha O‘zbekiston xizmatlar sohasining tegishli sub-sektorlarida ishlash uchun zarur bo‘lgan asosiy ko‘nikma va bilimlarni rivojlantirishga ko‘proq sarmoya kiritishi kerak. Xususan, mamlakatda oliy ta’lim olish imkoniyati cheklanganligicha qolmoqda. Oliy ta’lim muassasalariga qabul darajasi 2022-yilda 31,5 foizni tashkil etib, bu Yevropa va Markaziy Osiyo mamlakatlari bo‘yicha o‘rtacha ko‘rsatkichning — 80 foizga yetadi — yarmidan kamrog‘ini tashkil etadi. Bundan tashqari, O‘zbekistonda bazaviy AKT ko‘nikmalari yaxshi rivojlanmagan: aholining atigi 15 foizga yaqini bunday ko‘nikmalarga ega.

Jahon banki xususiy korxonalarning o‘sishi va xizmatlar sohasining rivojlanishiga yo‘l bermayotgan ushbu to‘siqlarni bartaraf etish uchun regulyatorlik islohotlarini o‘tkazishni tavsiya qiladi. Asosiy chora-tadbirlar quyidagilarga qaratilishi mumkin:

  • Jismoniy infratuzilma (avtomobil yo‘llari, temir yo‘llar, aeroportlar) va raqamli infratuzilmani (keng polosali internet, 4G/LTE tarmog‘i) rivojlantirishga investitsiyalarni oshirish;
  • bojxona protseduralarini takomillashtirish va yuklarni kuzatib borishning zamonaviy tizimlarini joriy etish orqali logistika samaradorligini oshirish;
  • telekommunikatsiyalar, havo va temir yo‘l transporti tarmoqlarida davlat monopoliyalarining rolini qisqartirish hisobiga xizmatlar bozorini erkinlashtirish;
  • shaxsiy ma’lumotlarni lokalizatsiyalash talablarini yumshatish orqali AKT xizmatlarining transchegaraviy savdosiga cheklovlarni olib tashlash;
  • xizmatlar sohasi uchun malakali kadrlar tayyorlash maqsadida oliy ta’lim olish imkoniyatini kengaytirish va uning sifatini oshirishga investitsiyalarni oshirish;
  • xodimlarning asosiy AKT ko‘nikmalarini rivojlantirish uchun kasbiy ta’limni, shu jumladan “Bir million o‘zbek dasturchilari” kabi dasturlarni qo‘llab-quvvatlash;
  • Toshkentdagi IT-Park kabi rivojlanayotgan AKT xablariga xalqaro mutaxassislarni jalb qilish uchun viza tartiblarini soddalashtirishda davom etish.

Hisobotda yozilishicha, xizmat ko‘rsatish sohasini liberallashtirish va modernizatsiya qilish uchun taklif etilgan islohotlarni amalga oshirish O‘zbekistonga quyidagicha sezilarli iqtisodiy foyda keltiradi:

  • xususan, xizmatlar savdosini to‘liq liberalizatsiya qilish mamlakatning real YAIMni 17 foizga oshirishi mumkin;
  • moliya, aloqa va sug‘urta sohalari mos ravishda 23 foiz, 39 foiz va 45 foizga o‘sishi mumkin;
  • xizmatlar sohasini liberallashtirish farmatsevtika, elektronika va mashinasozlik kabi tarmoqlarni ham mos ravishda 24 foiz, 30 foiz va 23 foizga o‘sishini ta’minlashi mumkin;
  • xizmat ko‘rsatish sohasida raqobatbardoshlikni oshirish malakali va malakasiz xodimlarning ish haqi o‘sishi orqali aholining real daromadlarini 16 foizga oshirishi mumkin.

Bundan tashqari, O‘zbekistonning JSTga a’zo bo‘lishi xizmatlar sohasini liberallashtirish bo‘yicha islohotlarni amalga oshirish uchun noyob imkoniyatdir. Ushbu chora-tadbirlar soha faoliyatini xalqaro standartlarga moslashtirish, xorijiy investitsiyalarni jalb qilishga va innovatsiyalarni joriy etishga yordam beradi, deyiladi hisobotda.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 11401 | Инструменты