“O‘zsanoatqurilishmateriallari” uyushmasi axborot xizmati rahbari Jamshid Shermetovning maʼlum qilinishicha, O'zbekistonda sement ishlab chiqarishga ixtisoslashgan 38 ta korxona mavjud bo‘lib, bugungi kunda ularning yillik quvvati 35,3 million tonnaga yetkazilgan.
Joriy yilning yanvar-aprel oylarida respublika bo‘yicha jami 4,8 million tonna sement ishlab chiqarilgan. Bunda o‘sish surʼati 119,3 foizni tashkil etgan.
–Eng ko‘p sement mamlakatimizdagi “Qizilqumsement” AJ tomonidan ishlab chiqarilgan va yanvar-aprel oylarida jami 738 ming tonna mahsulot xaridorlarga yetkazilgan. "Shina Energy International Group Samarkand Cement" MCHJ XK va "Xuaksin Sement Djizak" MCHJ tomonidan jami 1 million 166 ming tonna sement ishlab chiqarilgan. Hisob-kitoblarga ko‘ra, joriy yilda mavjud korxonalar tomonidan 16,7 million tonna sement ishlab chiqarish rejalashtirilgan. Joriy yilning o‘tgan davrida birja savdolarida sotilgan 1 million 756 ming tonna sement isteʼmolchilarga yetkazib berilgan. Aytish joizki, 2024 yil yakuni bilan yiliga 8 million tonna yirik sement ishlab chiqarish quvvatlari ishga tushiriladi va respublika bo‘yicha jami quvvatlar qariyb 40,8 million tonnaga yetkaziladi, –dedi Jamshid Shermetov.
Tadbirda aytib o‘tilganidek, mahalliy korxonalar tomonidan asosan 400 va 500 markali sement ishlab chiqarilgan. Joriy yilning ushbu davrida birja savdolarida bir tonna sement o‘rtacha 510 ming so‘mdan sotilgan.
O'zbekistonda qurilish ko‘lami kengayib borayotgani tufayli yildan-yilga quyma va temir-betonlarga bo‘lgan talab ham oshib bormoqda. Maʼlumotlarga ko‘ra, yurtimizda 700 dan ortiq temir-beton mahsulotlari ishlab chiqaruvchi korxonalar mavjud. Ularning yillik quvvati 6,5 million metr kubni tashkil etadi.
Alpha version: 0.9.1.19 build 81609 | Инструменты