Huawei 1
Til sertifikatiga ega bo‘lmagan o‘qituvchilarni ishdan bo‘shatish bo‘yicha ko‘rsatma berilmagan — Maktab taʼlimi vazirligi

Mos darajadagi xalqaro sertifikatga ega bo‘lmagan xorijiy tillar o‘qituvchilari bilan tuzilgan mehnat shartnomalarini bekor qilish yuzasidan rasmiy ko‘rsatma berilmagan, deya maʼlum qildi Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi O‘zbekiston taʼlim va fan xodimlari kasaba uyushmasi respublika Kengashi taqdimnomasiga javoban.

Avvalroq Kasaba uyushmasi vazirlikka taqdimnoma kiritib, V2 darajadagi til sertifikatiga ega bo‘lmagan xorijiy tillar o‘qituvchilarini ishdan bo‘shatmaslikni so‘ragan edi.

«Vazirlik tomonidan hududiy boshqarmalar va tizim tashkilotlariga joriy o‘quv yilidan boshlab xorijiy tillarni o‘zlashtirish darajasi bo‘yicha kamida B2 darajadagi milliy yoki unga tenglashtirilgan mos darajadagi xalqaro sertifikatga ega bo‘lmagan xorijiy tillar o‘qituvchilari bilan tuzilgan mehnat shartnomalarini bekor qilish yuzasidan rasmiy ko‘rsatma berilmagan», — deyiladi javob xatida.

Taʼkidlanishicha, mehnat shartnomasini tuzish yoki bekor qilish mehnatga oid munosabatlarning subyektlari o‘rtasida hal etilishi lozim: «Mehnat kodeksi 19-moddasiga muvofiq, xodim va ish beruvchi yakka tartibdagi mehnatga oid munosabatlarning subyektlari ekanligi belgilangan. Shunga muvofiq, Mehnat kodeksida, boshqa qonunlarda nazarda tutilgan tartibda va shartlar asosida mehnat shartnomasini tuzish, o‘zgartirish hamda bekor qilish bevosita yakka tartibdagi mehnatga oid munosabatlarning subyektlari o‘rtasida hal etilishi lozim».

Shu bilan birga, xatda Vazirlar Mahkamasining 2021 yil 19 maydagi «Xorijiy tillarni o‘rganishni ommalashtirishni samarali tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qaroriga muvofiq, 2025/2026 o‘quv yiliga qadar barcha xorijiy tillar o‘qituvchilari kamida B2 darajadagi milliy yoki xalqaro sertifikatga ega bo‘lishi lozimligi belgilangani eslatib o‘tilgan.

«O‘quvchilarga sifatli taʼlim berilishi va til bilish ko‘nikmalarini lozim darajada egallashlari uchun ularga taʼlim beradigan pedagoglarning bilim darajasi (shu bilan birga til bilish darajasining asosi sifatida tegishli sertifikatga ega bo‘lishi) yetarli bo‘lishi lozimligi muhim ahamiyatga ega», — deyiladi javob xatida.

Vazirlik avgust oyida Bilim va malakalarni baholash agentligi tomonidan xorijiy til o‘qituvchilari uchun chet tilini bilish darajasini aniqlash bo‘yicha qo‘shimcha test sinovlari tashkil etilishini maʼlum qilgan.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 81517 | Инструменты