2023-yilda birja orqali 1,8 tonna qimmatbaho metallar sotildi

2023-yil yakuniga ko‘ra O‘zbekiston respublika tovar-xom ashyo birjasining birja savdolari orqali umumiy qiymati 1 138,0 mlrd so‘mlik 1,8 tonna qimmatbaho metallar sotildi. Bunda, birja orqali sotilgan oltinning hajmi 1 135,5 mlrd so‘m, kumushning hajmi esa – 2,6 mlrd so‘mga yetdi.

Birja orqali sotilgan qimmatbaho metallarning sotuv hajmi 2022-yilga nisbatan 2,2 marotabaga oshdi.

2023-yil yanvar-dekabr oylari davomida O‘zbekiston respublika tovar-xom ashyo birjasida oltin bo‘yicha shakllangan birja kotirovkasi 1 gramm uchun 684,8 ming so‘mdan 786,0 ming so‘mgacha, yaʼni 14,8% ga o‘sdi.

Qimmatbaho metallarning boshlang‘ich bahosi O‘zbekiston Respublikasi Markaziy bankining birja bitimi tuzilgan sanadagi kursi bo‘yicha milliy valyutada London qimmatbaho metallar bozori uyushmasining so‘nggi tonggi fiksingi asosida belgilanadi.

Birja bozorida “Olmaliq KMKAJ va “Navoiy KMKAJ qimmatbaho metallarning sotuvchisi sifatida ishtirok etmoqda, xaridorlar esa sanoatda ishlatiladigan mahsulotlarni qayta ishlash quvvatiga ega bo‘lgan ishlab chiqaruvchilar, zargarlik buyumlar ishlab chiqaruvchilar hamda yakka tartibdagi tadbirkorlar hisoblanadi.

Eslatib o‘tamiz, qimmatbaho metallar O‘zbekiston respublika tovar-xom ashyo birjasining birja savdolari orqali 2019-yil mart oyidan boshlab O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 1-martdagi №186-sonli “O‘zbekiston Respublika tovar-xom ashyo birjasi” AJ birja savdolarida qimmatbaho metallarni sotish tartibi to‘g‘risidagi Nizomni tasdiqlash haqida”gi qaroriga asosan sotila boshlangan.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 72710 | Инструменты