Birjada un narxi 4 814,9 ming so‘mga, sement 588,6 ming so‘mga pasaydi

Joriy yilning 29-avgust – 4-sentabr kunlari "O‘zbekiston respublika tovar-xom ashyo birjasi" AJning barcha savdo platformalarida 1 983,4 mlrd so‘mlik tovarlar sotildi. Bu avvalgi haftaga nisbatan 25,1% ga kamdir. 

Bunda sotuvlarning 90,0% - birja savdolari, 9,7% - elektron davlat xaridlari, 0,1% - ko‘rgazma-yarmarka savdolari va 0,2% - avtoraqamlarning onlayn-auksioniga to‘g‘ri keldi.

Ko‘rib chiqilayotgan davrda ochiq birja savdolari orqali jami 1 785,8 mlrd so‘mlik tovar resurslari sotildi. Sotuvchi korxonalar mahsulotlarni tasdiqlangan jadvallarga rioya qilgan holda birja savdolariga qo‘yishdi, shu jumladan:

Un

29-avgust – 3-sentabr kunlari o‘tkazilgan savdo natijalariga ko‘ra birjaning un bozori narx bo‘yicha pasayishni namoyon etdi. Hafta davomida birja savdolariga 38 338,0 tonna un qo‘yildi va uning 16 182,0 tonnasi, ya’ni 42,2% qismi sotildi. O‘tkazilgan savdolarda har kuni o‘rtacha 1 428 xaridor ishtirok etdi.

Ko‘rib chiqilayotgan davrda 1-navli un bo‘yicha shakllangan kunlik o‘rtacha narxlar mahsulotning bir tonnasi uchun 4 825,9 ming so‘mdan 4 814,9 ming so‘mgacha pasaydi. Unning o‘rtacha kunlik sotuv hajmi 5 394,0 tonnani tashkil qildi.

O‘tkazilgan birja savdolari natijasida 1-navli un bo‘yicha shakllangan o‘rtacha haftalik narxi mahsulotni bir tonnasi uchun 4 742,9 ming so‘mni tashkil etdi.

Bug‘doy

O‘tgan haftada birja savdolari orqali 39 812,0 tonna bug‘doy sotildi. O‘tkazilgan savdolarda har kuni o‘rtacha 42 ta xaridor ishtirok etdi. O‘rtacha kunlik sotuv hajmlari 9 953,0 tonnani tashkil qildi. Ko‘rib chiqilayotgan davrda bug‘doyning kunlik o‘rtacha narxlari mahsulotning bir tonnasi uchun 3 477,3 ming so‘mdan 3 453,2 ming so‘mgacha pasaydi.

Sement

O‘tgan hafta mobaynida birja savdolariga 192,0 ming tonna sement qo‘yildi va ulardan 110,9 ming tonnasi, ya’ni 57,7% sotildi. O‘rtacha kunlik sotuv hajmlari 36,9 ming tonnani tashkil qildi.

Ko‘rib chiqilayotgan davrda sementning barcha markalari bo‘yicha shakllangan kunlik o‘rtacha narxlar mahsulotning bir tonnasi uchun 592,9 ming so‘mdan 588,6 ming so‘mgacha pasaydi. O‘tkazilgan savdolarda har kuni o‘rtacha 347 xaridor ishtirok etdi.

Eslatib o'tamiz, 22-28-avgust kunlari holatiga ko'ra, unning narxi 4 822 ming so‘mga, sement narxi esa 591,3 ming so‘mgacha pasaygandi.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 82018 | Инструменты