“Ohangaronsement”ning eng yirik aksiyadorlari kompaniyaning 98,4 foiz ulushini sotuvga qo‘yishdi

“Ohangaronsement” sement zavodining asosiy aksionerlari o‘z ulushi sotilishini e’lon qildi. Bu haqda Respublika fond birjasi xabar berdi.

Qayd etilishicha, 13-yanvar kuni Kiprdagi Lamaka Enterprises Limited umumiy qiymati 1,61 trillion so‘m bo‘lgan — har bir aksiyasi 390 ming so‘mdan 4,14 million dona aksiya (zavod umumiy aksiyasining 84,3 foizi) sotilishini ma’lum qilgan. Ofshor kompaniyasi aksiyalar paketini 2021-yil may oxirida 557,68 milliard so‘mga sotib olgandi.

Britaniya Virgin orollaridan bo‘lgan Giacinttar Limited 271 milliard so‘mga 694,9 ming dona (14,1 foiz) aksiyalarini sotishni rejalashtirmoqda.

Ikkala kompaniya tomonidan sotuvga qo‘yilgan aksiyalar paketi (98,36 foiz) 1,88 trillion so‘mga baholanmoqda.

“Ohangaronsement” haqida

“Ohangaronsement” — bugungi kunda bu O'zbekiston Respublikasi sement sanoatida ishlab chiqarish usuli bo'yicha ikki xil zavodga ega bo'lgan noyob korxonadir.

  • Yiliga 2 million tonna quvvatga ega an'anaviy "ho'l" usuldagi zavod
  • Yiliga 3 million tonna quvvatga ega yangi yuqori texnologiyali "quruq" usuldagi zavod

Ushbu korxonaga 1961 yilda asos solingan. 1970-yillarda kombinatga, 1980-yillarda esa ishlab chiqarish birlashmasiga aylangan. 1994-yilda zavod xususiylashtirilgan va aksiyadorlik jamiyatiga aylantirilgan. Korxonaga uzoq vaqt davomida Zeromax egalik qilgan va Rossiyaning “Yevrosement”i 2006-yilda 75,5 foiz aksiyasini sotib olgan. Keyinchalik ushbu ulush 83,9 foizga qadar oshirilgan.

Shuningdek, 2014-yilda korxona muammolarga duch kelgan — hozirda faoliyati tugatilgan Davlat raqobat qo‘mitasi 1994-yildagi xususiylashtirishni noqonuniy deb topishni talab qilgan, Toshkent viloyati iqtisodiy sudi zavodning mulki va bank hisobraqamlariga hibs qo‘ygan. Bundan tashqari, korxonadan soliqlarni to‘lash talab etilgan. Bir nechta sud eshituvlari va apellyatsiyalardan so‘ng tomonlar masalani kelishib olishga muvaffaq bo‘lgan.

“Ohangaronsement” mamlakatdagi eng yirik soliq to‘lovchilar qatoriga kiradi, shuningdek, bozordagi yetakchi kompaniyalardan biri hisoblanadi. 2019-yil yakunlariga ko‘ra, zavodning sof foydasi 179,8 milliard so‘mni, 2020-yilning 9 oyida esa 187,1 milliard so‘mni, 2021-yilning birinchi choragi yakunlari bo‘yicha — 24,8 milliard so‘mni tashkil etgan.

2021-yil boshida “Ohangaronsement” korxonasi negizida qurilish materiallari ishlab chiqarish bo'yicha innovatsion sanoat klasteri tashkil etildi va uning asosiy loyihasi – "quruq" usulda sement ishlab chiqaruvchi yuqori texnologiyali yangi zavod ishga tushirildi. Bu Markaziy Osiyodagi yirik va ishlab chiqarishi to'liq avtomatlashtirilgan, energiya resurslarini kam iste'mol qiladigan va atrof-muhitga minimal ta'sir ko'rsatadigan MDHdagi eng zamonaviy korxonadir. Raqamli zavodda ishlab chiqarishni boshqarish uchun eng yangi texnologiyalardan foydalanilgan, dunyoning yetakchi ishlab chiqaruvchilari tomonidan keltirildan zamonaviy ishonchli “beshinchi avlod” uskunalari o'rnatilgan, atrof-muhitga ta'siri minimallashtirilgan (ishlab chiqarishning barcha uchastkalarida 85 ta zamonaviy filtr tizimlari mavjud).

Zamonaviy kompleks yangi GOST 31108-2020 xalqaro standartiga asosan yuqori sifatli sement ishlab chiqarish imkonini beradi. Yangi zavod mahsulotlari iste'molchilarning har qanday talablarini qondiradi va sement bilan respublikaning eng mas'uliyatli binolarini: yo'l tutashmamalari, aerodrom qoplamalari, elektr stansiyalari, atom energetikasi obyektlari qurilishi, turar-joy, ofis va savdo binolarini ta'minlaydi.

Klaster doirasida, shu qatorda quyidagi loyahalar amalga oshirildi:

  • Sement, kimyo va metallurgiya sanoati, shuningdek uy-joy qurilishi (sauna, hammom, kaminlarni terish) uchun olovga bardoshli g'isht ishlab chiqarishi.
  • Beton va temir-beton mahsulotlari ishlab chiqarishi.
Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 121500 | Инструменты