Markaziy bank O‘zbekistondagi tijorat banklarining kredit portfeli hajmi hamda ulardagi muammoli kreditlar (NPL) miqdori va ulushi to‘g‘risidagi maʼlumotni eʼlon qildi.
Qayd etilishicha, bank tizimidagi jami muammoli kreditlar hajmi 2024 yil davomida 4 trillion 564 milliard so‘mga oshdi va yil yakuniga kelib, NPL umumiy qoldig‘i 21 trillion 185 milliard so‘mga yetdi. Muammoli kreditlarning jami kreditlardagi ulushi yil boshida 3,53 foizni tashkil qilgan bo‘lsa, yil yakuniga kelib ushbu ko‘rsatkich 3,97 foizga yetgan.
Davlat banklarida muammoli kreditlar hajmi yil boshiga nisbatan 1 trillion 77 milliard so‘mga ortgan. Boshqa banklarda muammoli kreditlar hajmi yil boshiga nisbatan 3 trillion 487 milliard so‘mga oshgan. NPL ulushi esa, yil boshidagi 2,43 foizdan 4,12 foizgacha ko‘tarilgan.
Yil davomida NPLʼning keskin oshishi asosan ikkita bank — Ipoteka bank (+1 trln 844 mlrd so‘m) hamda Kapitalbank (+1 trln 61 mlrd so‘m)da kuzatilgan. Shuningdek, Hamkorbank (+219 mlrd so‘m), Anorbank (+104 mlrd), Davr bank (+102 mlrd so‘m), Trastbank (+95 mlrd so‘m) va TBC Bank (+87 mlrd so‘m) larda muammoli kreditlar boshqalarga qaraganda sezilarli oshgan.
Oktobank yil davomida 212 milliard so‘mlik muammoli kreditlaridan to‘liq xalos bo‘lgani eʼtiborga molik.
Eslatib o'tamiz, bundan oldin 2024-yilda O‘zbekiston yalpi ichki mahsuloti 115 mlrd dollarga yetgani haqida xabar bergan edik. O'tgan yili O‘zbekiston yalpi ichki mahsuloti 1,45 kvadrillion so‘mdan oshdi. Bu miqdor yil davomida Markaziy bank eʼlon qilgan dollar kurslarining o‘rtacha miqdoridan kelib chiqilsa, taxminan 115 mlrd dollarga teng bo‘ladi.
Alpha version: 0.9.1.19 build 20511 | Инструменты