Markaziy bankning maʼlum qilishicha, joriy yilning sentyabr oyida jismoniy shaxslar uchun milliy valyutadagi depozitlar bo‘yicha o‘rtacha tortilgan stavka 22 foiz darajasida saqlanib qolgan. Iyul oyida mazkur ko‘rsatkich 22,1 foizgacha yetgan. Ushbu omonatlar bo‘yicha o‘rtacha stavkalar ochiqlanayotgan davr uchun rekord ko‘rsatkich hisoblanadi.
Shu bilan birga, sentyabrda biznes uchun muddatli depozitlar bo‘yicha o‘rtacha tortilgan stavka avgust oyiga nisbatan keskin 1,6 foizga pasayib, 16,2 foizga yetgan. Yil boshidan beri bunday past ko‘rsatkich faqatgina may oyida kuzatilgan. O‘shanda ham yuridik shaxslar uchun muddatli depozitlar bo‘yicha o‘rtacha tortilgan stavka 16,2 foizni tashkil qilgandi. O‘tgan oy yakuniga ko‘ra, jismoniy shaxslar uchun milliy valyutadagi kreditlar bo‘yicha stavka biroz pasaygan. Yaʼni 23,8 foizni tashkil etgan. Yuridik shaxslar uchun bu ko‘rsatkich 22,7 foiz darajasida saqlanib qolgan.
Joriy yil sentyabr oyida jismoniy shaxslar uchun xorij valyutasidagi depozitlarning foiz stavkalarida pasayish kuzatilgan. Iyul oyidagi 5,5 foizlik stavkalar sentyabr oxiriga kelib 4,9 foizga teng bo‘lgan. Mazkur ko‘rsatkich yil boshida 4,7 foizga teng bo‘lgandi. Yuridik shaxslarning muddatli depozitlari iyul oyidagi 3,5 foizgacha pasayishdan so‘ng, avgust oyida 5,5 foizni, sentyabrda esa 5,3 foizni tashkil qildi. Xorij valyutasidagi qisqa muddatli kreditlar foiz stavkalari 11,4 foizgacha oshgan bo‘lsa, uzoq muddatli kreditlar arzonlagan va 9,9 foizga yetgan.
Alpha version: 0.9.1.19 build 110607 | Инструменты