Huawei 1
Markaziy bank asosiy stavkani ko‘tardi

Markaziy bank boshqaruvi inflyatsion bosimlarning yuqori saqlanib qolishi, talabning barqaror o‘sib borishi va inflyatsion kutilmalarning kuchayishi fonida pul-kredit sharoitlari qatʼiylik darajasini oshirishga qaror qildi.

Ushbu qaror kelgusi oylarda kutilayotgan inflyatsion xatarlarni inobatga olib, inflyatsion kutilmalarni jilovlash, o‘rta muddatli istiqbolda inflyatsiya darajasini 5 foizlik targetga erishish uchun yetarli sharoitlar yaratishga qaratilgan.

2025 yil boshidan umumiy inflyatsiya darajasida biroz o‘sish kuzatilib, fevral oyi yakunlari bo‘yicha yillik 10,1 foizni tashkil etdi.

Ushbu dinamika ayrim tovar va xizmatlar narxlarining o‘sishi hisobiga yuzaga keldi. Xususan, yoqilg‘i narxlari, kommunal, transport, taʼlim va tibbiy xizmatlar tariflari oshishi inflyatsion kutilmalarga ham oshiruvchi taʼsir ko‘rsatdi va fevral oyida aholining inflyatsion kutilmalari 15,3 foizga, tadbirkorlik subyektlarining kutilmalari esa 13,8 foizga teng bo‘ldi.

So‘nggi oylarda xizmatlar inflyatsiyasi yuqori darajada shakllanishi iqtisodiyotda yalpi talab omillari, jumladan, transchegaraviy pul o‘tkazmalari va aholiga ajratilgan kreditlar faollashib borayotganligi bilan izohlanadi. Bu, o‘z navbatida, chakana savdo aylanmasi hamda pullik xizmatlardan tushumlar dinamikasida ham namoyon bo‘lmoqda.

Yil boshidan asosiy savdo hamkorlar valyutalarining mustahkamlanishi taʼsirida real samarali almashuv kursi pasayish tendensiyasini namoyon etib, o‘zining o‘rta muddatli trendiga yaqinlashmoqda.

Iqtisodiyotdagi inflyatsion jarayonlarni maqbullashtirish hamda yalpi talab va taklif orasidagi muvozanatni taʼminlash pul-kredit sharoitlari qatʼiylik darajasini oshirishni taqozo etmoqda.

Yuqoridagi omillarni hisobga olgan holda, Markaziy bank boshqaruvi o‘rta muddatli istiqbolda narxlar barqarorligini taʼminlash maqsadida asosiy stavkani 0,5 foiz bandga oshirib, yillik 14 foiz darajasida belgilash to‘g‘risida qaror qabul qildi.

Pul-kredit sharoitlarining qatʼiylashtirilishi umumiy talabni muvozanatli shakllanishiga va narxlarga oshiruvchi omillar taʼsirini kamaytirishi orqali kelgusi choraklarda inflyatsion jarayonlarning maʼlum darajada sekinlashishiga xizmat qilib, yil yakuni bo‘yicha umumiy inflyatsiyani 7-8 foizgacha pasayishiga zamin yaratadi.

Markaziy bank o‘rta muddatli istiqbolda inflyatsiyaning 5 foizlik maqsadli darajasigacha pasayishini taʼminlash maqsadida pul-kredit sharoitlarini yetarli darajada qatʼiy shakllantirishni davom ettiradi.

Iqtisodiyotdagi yalpi talab va narxlarga oshiruvchi bosimlar kelgusi choraklarda kutilganidan ko‘ra kuchayishi bo‘yicha ehtimollar va asoslar yuzaga kelgan taqdirda pul-kredit sharoitlari qatʼiyligi qayta ko‘rib chiqiladi.

Asosiy stavkani ko‘rib chiqish bo‘yicha Markaziy bank boshqaruvining navbatdagi yig‘ilishi 2025 yil 24 aprel kuniga belgilangan.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 32218 | Инструменты