Huawei 1
O‘zmilliybank yashil moliyalashtirish sohasidagi yutuqlari uchun YeTTB mukofoti bilan taqdirlandi

2025-yil 21-yanvar kuni “O‘zbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy banki” AJ (O‘zmilliybank) Yevropa tiklanish va taraqqiyot bankining (YеTTB) O‘zbekistonda yashil moliyalashni rivojlantirishdagi yutuq va taraqqiyotiga bag‘ishlangan tadbirida ishtirok etdi. Tadbir Yashil iqtisodiyotni moliyalashtirish dasturi (GEFF) va Savdoga ko‘maklashish dasturi (TFP) doirasida tashkil etildi.

Ushbu nufuzli tadbirda GEFF va TFP dasturlari doirasidagi turli nominatsiyalar boʻyicha Oʻzbekiston tijorat banklarini taqdirlash marosimi boʻlib oʻtdi. O‘zmilliybank YeTTB tomonidan “Yashil savdoni qoʻllab-quvvatlash dasturi: Barqaror rivojlanish sertifikatlash sxemalaridan samarali foydalanish” (Green TFP: Best Use of Sustainability Certification Schemes) nominatsiyasi boʻyicha yuksak mukofotga sazovor boʻldi.

Mazkur mukofot O‘zmilliybankka barqaror rivojlanish sohasidagi salmoqli yutuqlar va xalqaro savdoni moliyalashtirish sohasida ekologik mas’uliyatni oshirishga xizmat qiluvchi sertifikatlash sxemalaridan samarali foydalanganligi uchun berildi. Mukofotni olish bank tomonidan barqaror rivojlanish sertifikatlash sxemalarini muvaffaqiyatli qoʻllanilishini tasdiqlaydi va uning atrof-muhit uchun mas’uliyatli loyihalarni qo‘llab-quvvatlashga sodiqligini ko‘rsatadi. 

YeTTB O‘zmilliybankning O‘zbekistonda barqaror rivojlanish tamoyillarini ilgari surishdagi hissasini yuqori baholadi. Bank xalqaro savdoni moliyalashtirish sohasida ilg`or  ekologik standartlarni joriy etgan GEFF dasturining sanoqli ishtirokchilaridan biri ekanligi taʼkidlandi.

Shu o‘rinda, O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki O‘zmilliybankni, 2024-yilda erishilgan natijalar va joriy yilga mo‘ljallangan strategik rejalardan kelib chiqib, 2025-yil uchun mamlakatimizdagi tizimli ahamiyatga ega banklar ro‘yxatiga kiritganini alohida ta’kidlash zarur.

2024 yilda bank quyidagi moliyaviy natijalarni namoyish etdi:

Sof foyda 1,7 trillion so‘mni tashkil etdi.

Xarajatlar samaradorligi koeffitsiyenti CIR 30% ni tashkil etdi, bu xarajatlar optimallashtirilganini ko‘rsatadi.

Iqtisodiyotning turli tarmoqlaridagi investisiya loyihalarini kreditlash hajmi 38 trillion so‘mga yetdi.

Yirik investisiya loyihalarini amalga oshirish natijasida 18 mingdan ortiq yangi ish o‘rinlari yaratildi.

So‘nggi yillarda bankning jadal o‘sishi raqamlashtirishga yo‘naltirilgan strategik investitsiyalar, mijozlarga xizmat ko‘rsatishni doimiy ravishda takomillashtirish va yangi moliyaviy mahsulotlarni ishlab chiqish natijasida erishildi. 2020-2024 yillarda yuridik shaxslarning kredit portfeli 50 foizga, chakana mijozlar portfeli esa 3 barobarga oshdi. Yuridik shaxslarning depozit portfeli 90 foizga, jismoniy shaxslarniki 286 foizga oʻsdi.

Bundan tashqari, bank London fond birjasiga umumiy qiymati 411 million dollar (300 million dollar va 1 400 milliard so‘m) bo‘lgan obligatsiyalarning ikki transhini muvaffaqiyatli joylashtirdi. Aytish joizki, O‘zmilliybank O‘zbekiston Respublikasi tijorat banklari orasida birinchi bo‘lib milliy valyutadagi obligatsiyalarni xalqaro moliya bozoriga joylashtirishga muvaffaq bo‘ldi.

O‘tgan yildan buyon O‘zmilliybank O‘zbekistonning eng yirik soliq to‘lovchilari qatoriga kirib, TOP-10 ro‘yxatdan joy oldi. Bu bankning nafaqat moliyaviy barqarorligini, balki uning mamlakat iqtisodiyoti rivojiga qo‘shayotgan salmoqli hissasini ham tasdiqlaydi. 2024-yilda bank byudjetga umumiy toʻlovlar hajmini oʻtgan yilga nisbatan 48 foizga oshirdi – 1 545,8 milliard so‘mgacha. Shundan Respublika byudjetiga 1 531,4 milliard so‘m, mahalliy budjetlarga 14,4 milliard so‘m yo‘naltirildi.

Bank barqaror oʻsishga yoʻnaltirilgan transformatsiya strategiyasini faol joriy etmoqda va bu borada yetakchi xalqaro konsalting kompaniyasi McKinsey & Company bilan hamkorlik qilmoqda. Uzoq muddatli rivojlanish strategiyasi doirasida bank mijozlar bilan ishlash boʻyicha menejerlar rolini kuchaytirish, IT-infratuzilmani modernizatsiya qilish va moliyaviy boshqaruvni qayta tashkil etish, shuningdek, kichik va oʻrta biznes bilan ishlashga alohida eʼtibor qaratmoqda. 

Bank rahbariyatining ta’kidlashicha, erishilgan muvaffaqiyatlarni mijozlar va hamkorlar ishonchi, jamoaning yuqori professionalligisiz amalga oshirishning imkoni bo‘lmas edi. O‘zmilliybank xizmat ko‘rsatish sifatini oshirish, biznes va aholining zamonaviy ehtiyojlariga javob beradigan innovatsion yechimlarni ishlab chiqishda davom etmoqda. Bularning barchasi bank faoliyatini yanada barqaror rivojlantirish uchun mustahkam zamin yaratmoqda. 

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 22516 | Инструменты