Huawei 1
O'zbekistonda dekabr oyida 3 ta bankning ayrim operatsiyalari cheklandi, 2 ta bank jarimaga tortildi

Markaziy bank Bank nazorati qo‘mitasining 2023-yil dekabr oyidagi 9 ta yig‘ilishida 46 ta masala ko‘rib chiqilib, 3 ta bankning ayrim operatsiyalarni amalga oshirishi cheklandi, 2 ta bankka esa jarima sanksiyasi qo‘llandi. Bu haqda bank regulyator matbuot xizmati xabar berdi.

Ma'lum qilinishicha, ro‘yxatga olish va ruxsat berish yo‘nalishida 22 ta masala ko‘rib chiqilib, ulardan kredit tashkilotlari ustaviga kiritilgan o‘zgartirishlarni ro‘yxatdan o‘tkazish (11 ta), kredit tashkilotlarining ustav fondidagi ulushiga egalik qilish uchun ruxsat berish (3 ta) hamda tijorat banklari kuzatuv kengashi va boshqaruvi a’zolari, shuningdek, muhim ahamiyatga ega xodimlarining nomzodlarini ko‘rib chiqish (8 ta) kabi masalalar o‘rin olgan.

Kredit tashkilotlarining moliyaviy holati bo‘yicha (24 ta masala) banklar va to‘lov tashkilotlari tomonidan Markaziy bankning prudensial me’yorlari talablarining bajarilishi, banklar va mikromoliya tashkilotlarida o‘tkazilgan o‘rganishlar natijalari muhokama qilingan.

Xususan, amaldagi qonunchilik talablariga rioya etilmagani oqibatida 3 ta bankka nisbatan ayrim operatsiyalarning amalga oshirilishiga cheklov o‘rnatildi va 2 ta bankka jarima sanksiyasi qo‘llandi. Shuningdek, Markaziy bankning me’yoriy-huquqiy hujjatlari talablariga rioya qilinishi ta’minlanmagani uchun 1 ta lombardga chora va sanksiyalar qo‘llanishi to‘g‘risida ogohlantirildi.

Shu bilan birga, Koreya Respublikasi “Kyongnam bank” aksiyadorlik jamiyati Boshqaruv qo‘mitasining qaroriga muvofiq, ushbu bankning O‘zbekistondagi vakolatxonasi faoliyati tugatilgani sababli unga berilgan akkreditatsiya sertifikati bekor qilingan hamda LOMBARD MAGIC CROWN MCHJ lombardda o‘tkazilgan tekshiruvi natijasi aniqlangan qo‘pol qoidabuzarliklari uchun lombardlar reyestridan chiqarilgan.

Bundan tashqari, qo‘mita tomonidan o‘zining tizim barqarorligini saqlash, omonatchilar va investorlar huquqlarini himoya qilish prinsipidan kelib chiqib, tijorat banklari boshqaruvlari zimmasiga aniqlangan kamchiliklarni tuzatish, o‘rnatilgan prudensial normativlarga amal qilish, bank faoliyatida mavjud zaifliklarni bartaraf etish va moliyaviy holatini sog‘lomlashtirishga qaratilgan talablarga rioya qilish yuzasidan tegishli ko‘rsatmalar berilgan.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga