Huawei 1
“O'zmilliybank” AJ yoshlarni qo'llab-quvvatlaydi

Samarqand shahrida “O'zbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy banki” AJ vakillari, hokim va yoshlar uchrashuvi bo'lib o'tdi.
Uchrashuvdan oldin “O'zmilliybank” tomonidan samarqandlik faol yoshlar uchun Bank mijozi bo'lgan “Stekloplastik” mas'uliyati cheklangan jamiyati bo'ylab “biznes sayohat” tashkil qilingan. 

Ma'lumot o'rnida ytib o'tish kerakki, “O'zmilliybank” rahbariyati bilan bo'lib o'tgan oldingi ochiq muloqotlar davomida tadbir ishtirokchilari tomonidan yirik loyihalarni hayotga tadbiq etish, tadbirkorlarning faoliyatidan xabardor bo'lish va ularning faoliyati bilan yaqindan tanishish maqsadida “O'zmilliybank” bilan hamkorlik qiluvchi yirik ishlab chiqarish korxonalarida yoshlar uchun “biznes sayohat” tashkil etish taklifi ilgari surilgan edi.  Ushbu taklif Bank rahbariyati tomonidan ma'qullanib, birinchi “biznes sayohat” da ishtirok etish imkoniyati Samarqand yoshlariga nasib etdi.
Erta tongdan “biznes sayohat” ishtirokchialari uchun mahsus avtobus buyurtma qilinib, Samarqand shahridan uncha uzoq bo'lmagan “Stekloplastik” MCHJ faoliyati bilan tanishish uchun yo'l olindi.  

 Korxona mahsulotlari, ishlab chiqarish jarayonlari yoshlarda katta qiziqish uyg'otdi. Eng muhimi, korxona rahbariyati yoshlarning o'z faoliyatlariga mos innovatsion loyihalarni ishlab chiqishda hamkorlik qilishga tayyor ekanligini bildirdi.

– Bank tomonidan tashkil etilgan “biznes sayohat” doirasida “Stekloplastik” MCHJ faoliyati bilan tanishib, ishlab chiqarish imkoniyatlari haqida to'liq ma'lumotga ega bo'ldik, – deydi Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti Samarqand filiali talabasi Dilshod Bahriddinov. – To'g'risini aytsam, viloyatimizda bunday korxona borligini bilmagandim. O'qish bilan birga qator innovatsion loyihalar ustida ishlayapman. Shu paytgacha xonadonda is gazini aniqlash indikatorini yaratdim.

Buning afzalligi shundaki, qurilma xonada is gazini tezda aniqlash bilan birga u haqda xonadon sohibining qo'l telefoniga xabar jo'natadi. Ushbu loyiham viloyat hokimligi tomonidan qo'llab-quvvatlanib, startap loyihani amalga oshirish uchun moliyaviy ko'mak berilishi ma'lum qilingan edi. “Stekloplastik” MCHJ rahbariyati bilan bo'lgan muloqot davomida ushbu qurilmani mazkur korxona ishlab chiqarish imkoniyati mavjudligini aytishdi.

Yoshlarga oid davlat siyosatini amalga oshirishga qaratilgan chora-tadbirlar ijrosini ta'minlash maqsadida tashkil etilgan uchrashuvning asosiy qismi Samarqand shahar markazidagi Yoshlar markazi binosida o'tkazildi. Unda “O'zmilliybank” Boshqaruv Raisi o'rinbosari Azamat Kurambayev, Samarqand shahar hokimining birinchi o'rinbosari Akram Egamov, Yoshlar ishlari agentligi Samarqand viloyati boshqarmasi boshlig'i Husan To'xtayev samarqandlik faol yoshlar, startap mualliflari bilan bevosita muloqot qildi.

Azamat Kurambayev davlat rahbari tomonidan yoshlarni har tomonlama qo'llab-quvvatlash, ularning orzu intilishlarini ro'yobga chiqarish uchun yetarli sharoitlarni yaratishga qaratilgan tub islohotlar amalga oshirilayotganligini alohida ta'kidladi. Ushbu islohotlarga hamohang tarzda “O'zmilliybank”  boshqaruvi ham mamlakatimiz yoshlarini istiqbolli tadbirkorlik loyihalarini qo'llab-quvvatlab, yosh tadbirkorlar safini kengaytirishni o'zining asosiy vazifalaridan biri, deb hisoblashini ma'lum qildi.
Uchrashuvda yoshlar o'z takliflari, murojaatlari va savollariga mutasaddilardan batafsil javob oldi.
– Ayni paytda Xitoyning Nanjing fan va texnologiyalar universitetining birinchi bosqich talabasiman, – deydi startap loyiha muallifi Doston Esonov. – O'qish onlayn davom etayotganligi bois, do'stlarim bilan shahrimizdagi IT-park filialida mazkur yo'nalishdagi loyihalarimiz ustida ishlayapmiz. Loyihalarimiz samaradorligini oshirish maqsadida S.W.A.T. group jamoasini tuzdik. Jamoamiz bilan gid-robot, ko'zi ojizlar uchun innovatsion hassa bo'yicha loyihalarimiz tayyor. Bugungi uchrashuvda Milliy bank rahbariyatiga innovatsion hassamizning imkoniyatlari haqida batafsil ma'lumot berdik. Mazkur hassa maxsus signallar orqali ko'zi ojiz insonlarni oldindagi to'siqlar haqida oldindan xabardor qiladi. Uning sinov ishlab chiqarishini amalga oshirish uchun 27 million so'm mablag' zarur. Bu mablag'ga 100 ta innovatsion hassa ishlab chiqarish mumkin.
Uchrashuv davomida Samarqand davlat chet tillar instituti talabasi Farangiz Xudoyorovaning turli kasb egalari uchun chet tillarini o'rgatishga mo'ljallangan metodik qo'llanma loyihasiga ham bank rahbariyati tomonidan katta qiziqish bildirildi va uni amalga oshirishga bank mijozlari bo'lgan investorlarni jalb qilishda ko'mak berilishi ta'kidlandi.
Muloqot davomida bank kreditlarini olish, imtiyozli kreditlarni ko'paytirish, startap loyihalarni amalga oshirishda moliyaviy ko'mak berish bilan bog'liq savol va takliflar, murojaatlar bildirildi. Mutasaddilar tomonidan barcha savol va takliflar, murojaatlar yozib olindi va tegishli tartibda ko'rib chiqilib, javobi ma'lum qilinishi qayd etildi.
“O'zmilliybank” boshqaruvi bilan o'tkazilgan uchrashuv yakunida besh tashabbus bo'yicha o'tkazilgan respublika miqyosidagi tanlovlar, bellashuvlar, musobaqalarda sovrindor bo'lgan yoshlarga bank rahbariyatining esdalik sovg'alari topshirildi. Shuningdek, Bank mijozi bo'lgan korxona tashkilotlar tomonidan bo'sh ish o'rinlari haqida ma'lumotlar berildi.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 42911 | Инструменты