O‘zbekistonda kreditlash hajmi sezilarli darajada o‘sdi, bu kuchli ichki talab va moliyalashtirish imkoniyatlarining yaxshilanganligini aks ettiradi. Bu haqda Markaziy bank raisi Timur Ishmetov 2 may kuni Xalqaro valyuta jamg‘armasi (XVJ) konferensiyasida maʼlum qildi.
«Agar so‘nggi bir necha oyga nazar tashlasak, kreditlashdagi yaxshigina o‘sishni ko‘ramiz. Bu, albatta, kuchli ichki talabni aks ettiradi, shuningdek, uy xo‘jaliklari va biznes uchun moliyaviy imkoniyatlar yaxshilanmoqda», — dedi u.
Regulyator raisining so‘zlariga ko‘ra, Markaziy bank moliyaviy vositachilikni chuqurlashtirish siyosatini davom ettiradi, biroq risklar nazoratini kuchaytiradi. «Bizning maqsadimiz — xavflarni yaqindan kuzatib borish va boshqarish bilan birga, moliyaviy vositachilikni rivojlantirishni davom ettirish. Biz ushbu strategiyaga amal qilamiz», — dedi u.
Moliyaviy sektor va fintech
«Birinchidan, biz moliya sektorining kengayishini qo‘llab-quvvatlashda davom etamiz. O‘sish uchun bizda katta imkoniyatlar mavjud. Hozir u deyarli to‘liq bank tizimi bilan ifodalanadi, shuning uchun biz nobank kreditlash, mikromoliya tashkilotlari va, albatta, mahalliy fond bozorlarini rivojlantirishni rag‘batlantirish niyatidamiz», — dedi Timur Ishmetov.
Fintex sanoatiga alohida eʼtibor qaratiladi. «Mamlakatimizda fintex faol rivojlanmoqda, u ko‘plab imkoniyatlarni ochib bersa-da, maʼlum xavflarni ham o‘z zimmasiga oladi. Shuning uchun fintexning rivojlanishi uchun qulay muhit yaratish uchun hozirdanoq aralashish va bir vaqtning o‘zida nazorat tizimini joriy qilish muhim «, — dedi u.
Uning so‘zlariga ko‘ra, O‘zbekistonda tartibga soluvchi “qumdon” allaqachon mavjud va Markaziy bank bir qancha fintex kompaniyalari bilan qo‘shma mahsulotlarni joriy etish bo‘yicha ishlamoqda. «Biz kelgusi oylarda ushbu kompaniyalarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha keng ko‘lamli dasturni eʼlon qilishga umid qilyapmiz va ular bilan ishlashda davom etamiz», — deya qo‘shimcha qildi u.
MB, shuningdek, kapital bozorlaridan foydalanishni kuchaytirishni istaydi: «Biz kompaniyalar va bank mijozlariga kapital bozorlari, birinchi navbatda, treninglar orqali moliyalashtirishni jalb qilish imkoniyatini berishga intilyapmiz. Mablag‘larni jalb qilish uchun obligatsiyalar chiqarish hali odatiy holga aylangani yo‘q».
Qattiqqo‘lroq nazorat va Bazel III
Strategiyaning ikkinchi yo‘nalishi tartibga solishni kuchaytirish bo‘ladi. «Yil boshidayoq biz qattiqqo‘lroq bo‘lishimiz haqida maʼlum qilganmiz. Masalan, qarzning daromadga nisbati, LTV limiti va katta taʼminlanmagan majburiyatlar bo‘yicha qattiqroq normalar qabul qilindi», — deb eslaydi Ishmetov.
«Yaqin kelajakda biz «yirik qarz oluvchilar» deb ataladigan yangi qoidalarni joriy qilamiz. Ularning taʼrifi zrnatiladi va MB ham, hukumat ham bunday qarz oluvchilar uchun alohida normalar chiqaradi «, — dedi u.
Markaziy bank o‘rta muddatli istiqbolda tartibga solishni xalqaro standartlarga, jumladan, Bazel III va Xalqaro moliyaviy hisobot standartlariga muvofiqlashtirish bo‘yicha ishlarni yakunlaydi. Shuningdek, u XVF va Jahon banki bilan birgalikda o‘tkazilgan birinchi Moliya sektorini baholash sharhi (FSAP) natijalari va tavsiyalarni amalga oshirish bo‘yicha yo‘l xaritasi eʼlon qilinganini maʼlum qildi.
«Maqsad moliyaviy sektorimizni diagnostika qilish — zaif tomonlarimizni aniqlash va keyin qayerga borishimiz kerakligini tushunish edi. Biz zaif tomonlarimizni tan olishdan qo‘rqmasligimizni bozorga ko‘rsatib qo‘yish uchun natijalarni eʼlon qilishni rejalashtirmoqdamiz. Muammolar aynan qayerda ekanini tushunish muhim. Hozir biz XVF va Jahon banki tavsiyalarini amalga oshirish bo‘yicha yo‘l xaritasini ishlab chiqmoqdamiz va uni nashr etamiz», — dedi Ishmetov.
Uning so‘zlariga ko‘ra, gap kelasi 3−5 yil davomida moliya sektorini yaxshilash va tartibga solish sifatini oshirish bo‘yicha ishlar haqida bormoqda.
Alpha version: 0.9.1.19 build 62323 | Инструменты