Afrikalik sobiq futbolchi o‘z itlari qurboniga aylanib, vafot etdi
Zambiya terma jamoasi sobiq futbolchisi Filemon Mulala o‘z itlarining qurboniga aylandi. Bu haqda BBC nashri xabar berdi.
60 yoshli Mulalaning jasadi 7-yanvar kuni Lixtenburgdagi (JAR) hovlisining bog‘idan topilgan. Uning turmush o‘rtog‘i Filemonni jonsiz holatda ko‘rganidan keyin tez yordamga qo‘ng‘iroq qilgan, shifokorlar Mulala voqea joyida vafot etganini qayd etgan.
Politsiya ma’lumotlariga ko‘ra, Mulala o‘z itlarining yetkazgan jarohati oqibati vafot etgan. Jonivorlar maxsus muassasalarga yuborilgan. Ayol dastlab itlarning hurishiga e’tibor qaratmagan, sababi ularning uyi gavjum ko‘chada joylashgan bo‘lib, itlarning ovoz chiqarishi odatiy holga aylangan. Qayd etilishicha, itlar tajovuzkor zotga mansub bo‘lgan.
Mulala Zambiya terma jamoasi safida oltita o‘yin o‘tkazgan va uchta golga muallif bo‘lgan. U o‘z mamlakati va JAR klublarida faoliyat olib borgan.
Alpha version: 0.9.1.19 build 41710 | Инструменты