Toshkent xalqaro sug'urta va qayta sug'urta forumi bugun o'z ishini boshladi

Sug'urta jamoatchiligining mahalliy va xorijiy vakillari o'rtasida o'zaro manfaatli hamkorlikni o'rnatish va mustahkamlashga ko'maklashishni o'z oldiga maqsad qilib qo'ygan X Toshkent xalqaro sug'urta va qayta sug'urta forumi bugun o'z ishini boshladi.

Sug'urta anjumani "SAIPRO axborot-reyting agentligi", O'zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi rasmiy ko'magida hamda O'zbekiston sug'urta bozori professional ishtirokchilari uyushmasi ko'magida tashkil etilgan.

Tadbirning bosh hamkori sifatida "Kafolat sug'urta kompaniyasi" ishtirok etmoqda. Tadbirga "ALSKOM" SK, "ASKO VOSTOK" SK, "KAPITAL SUG'URTA" SK va "IShONCh" BSK kabi yetakchi sug'urta kompaniyalari homiylik qilmoqda. Forum qatnashchilari sharafiga o'tkaziladigan kecha homiysi - "EUROASIA INSURANCE" SK MChJ.

Ta'kidlash joizki, sug'urta va qayta sug'urta forumida vazirliklar va idoralar, xalqaro tashkilotlar va sug'urta uyushmalari vakillari, mahalliy va xorijiy sug'urta hamda qayta sug'urta kompaniyalari rahbarlari, yetakchi ekspertlar va soha mutaxassislari qatnashmoqda. Ishtirokchilar soni bu yil qariyib 150 nafardan oshdi.

Tashkilotchilarning bergan ma'lumotlariga ko'ra, konferensiya doirasida sug'urta faoliyatining turli yo'nalishlariga oid bir qator masalalar ko'rib chiqiladi. Xususan, milliy va xalqaro sug'urta bozorlarining hozirgi holati, sug'urta va qayta sug'urtalash bozorining alohida tarmoqlarini rivojlantirish masalalari muhokama qilinadi. Forumning milliy va xalqaro sug'urta bozorlari tendensiyalari va istiqbollariga doir birinchi seksiyasida O'zbekistonning iqtisodiy va investitsion salohiyati, respublikamizda sug'urta bozorining shakllanish tendensiyalari va rivojlantirish istiqbollari yuzasidan ma'ruza va taqdimotlar o'tkazildi.

Shuningdek, forum qatnashchilari O'zbekiston sug'urta sohasidagi keng investitsion imkoniyatlar bilan ham tanishadilar. Bu esa mintaqaning sug'urta sohasidagi mavjud salohiyatidan foydalanishda chet ellik hamkorlar bilan o'zaro manfaatli amaliy munosabatlar o'rnatish imkonini beradi.

An'anaga ko'ra, forum dasturi o'zining yillik formatini saqlagan holda, sho'ba yig'ilishlari bilan bir qatorda sug'urta biznesi vakillariga muzokaralar o'tkazish va hamkorlikni kengaytirish imkoniyatini beruvchi amaliy uchrashuvlarni ham o'z ichiga oladi. Forum doirasida SAIPRO axborot reyting agentligi tomonidan O'zbekiston sug'urta bozori professional qatnashchilari Assotsiatsiyasi ko'magida ta'sis etilgan sug'urta sohasidagi "Oltin Soyabon" jamoatchilik mukofoti laureatlariga diplomlarni topshirish tantanali marosimi ham o'tkaziladi.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 72714 | Инструменты