Shavkat Mirziyoyev va Muhammad bin Salmon Ol Saud o'rtasida muzokaralar bo'lib o'tdi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 17-avgust kunining ikkinchi yarmida Saudiya Arabistoniga davlat tashrifi doirasida Jidda shahriga bordi.
Shundan so‘ng O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Saudiya Arabistoni Podshohligi Valiahd shahzodasi Muhammad bin Salmon Ol Saudning muzokaralari bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuvda turli darajalardagi aloqalar ancha faollashgani mamnuniyat bilan ta’kidlandi. Hukumatlararo komissiya va Ishbilarmonlar kegashining yig‘ilishlari muntazam o‘tkazilmoqda. O‘zaro tovar ayirboshlash hajmi ortmoqda, qo‘shma korxonalar tashkil etilmoqda. Shuningdek, Saudiyada “Nigoh - 2030” Davlat dasturi muvaffaqiyatli amalga oshirilayotgani yuksak baholandi.
Ishbilarmonlarning aloqalari uchun yanada qulay sharoitlar yaratish, o‘zaro savdo hajmini oshirish, tarkibini diversifikasiya qilish zarurligi qayd etildi.
Mamlakatimizda Saudiya Arabistoni fuqarolari uchun vizasiz tartib joriy etilishi bu borada muhim qadamlardan biri bo‘ladi. Ta'kidlash joizki, 2023-yil 1-yanvardan boshlab O'zbekiston hududiga kirgan Saudiya Arabistoni fuqarolariga 30 kunlik vizasiz rejim joriy etildi.
"Bugungi tarixiy uchrashuvimiz hamkorligimizni amaliy natijalar bilan boyitish, biznes aloqalari uchun “kuchli signal” bo‘lishiga aminman. Davlatlarimiz tadbirkorlari muloqotimiz natijalarini intiqlik va katta qiziqish bilan kutayapti",-dedi Shavkat Mirziyoyev.
Prezidentimiz Saudiyaning yetakchi kompaniyalarini O‘zbekistondagi tijorat banklari, yirik sanoat va infratuzilma obyektlarini xususiylashtirish jarayonida faol ishtirok etishga chaqirdi.
Energetika va neft-kimyo sohalaridagi sheriklikni kengaytirishdan ikki tomon ham manfaatdor ekani ta’kidlandi. Bugungi kunda “ACWA Power” kompaniyasi bilan jami 2 milliard 600 million dollarlik yirik energetika loyihalari boshlangan. Kimyo tarmog‘ida “SABIC” kompaniyasi bilan sheriklik istiqbollidir.
Saudiya taraqqiyot jamg‘armasi ishtirokida mamlakatimiz hududlarida transport, suv ta’minoti, elektr tarmoqlarini rivojlantirish bo‘yicha infratuzilma loyihalarini amalga oshirish masalalari ko‘rib chiqildi.
Bugun O‘zbekiston-Saudiya Ishbilarmonlar kengashining navbatdagi yig‘ilishi muvaffaqiyatli o‘tkazilgani mamnuniyat bilan qayd etildi. Uning yakunida energetika, kimyo, elektrotexnika, infratuzilmani rivojlantirish, sog‘liqni saqlash, qishloq xo‘jaligi, farmasevtika, axborot texnologiyalari va transport sohalarida umumiy qiymati 14 milliard dollardan ortiq bo‘lgan kelishuv va shartnomalar imzolandi.
Muzokaralarda O‘zbekiston va Saudiya Arabistonining qator jihatlar yuzasidan qarashlari va yondashuvlari o‘xshashligi namoyon bo‘ldi. Davlatlarimiz xalqaro doirada bir-birini doim qo‘llab-quvvatlab kelmoqda. O‘zbekiston Saudiya Arabistoni poytaxti Ar-Riyodning “Ekspo - 2030” Butunjahon ko‘rgazmasini o‘tkazish uchun nomzodini qo‘llab-quvvatlamoqda.
Xavfsizlik sohasida muloqotni yo‘lga qo‘yish, Afg‘onistonda tinchlikni mustahkamlash va iqtisodiyotni tiklashga ko‘maklashish bo‘yicha sa’y-harakatlarni birlashtirish yuzasidan fikr bildirildi.
O‘zbekiston Prezidenti Saudiya Arabistonining Shanxay hamkorlik tashkilotida Muloqot bo‘yicha sherik maqomini olayotganini olqishladi. Muzokaralar natijalari bo‘yicha imzolangan hujjatlar almashildi.
O‘zbekiston Respublikasi bilan Saudiya Arabistoni Podshohligi o‘rtasida keng qamrovli sheriklik munosabatlarini yanada kengaytirish to‘g‘risida Qo‘shma bayonot qabul qilindi.
Ikki mamlakat hukumatlari va vazirliklari o‘rtasida energetika, bojxona, fuqaro aviasiyasi, turizm, qishloq xo‘jaligi, sog‘liqni saqlash, mehnat munosabatlari kabi sohalarda hamkorlikka doir 15 ta hujjat qabul qilindi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining tashrifi sharafiga Podshoh Salmon bin Abdulaziz Ol Saud nomidan qabul marosimi o‘tkazildi.
Alpha version: 0.9.1.19 build 12314 | Инструменты