2030-yilga qadar Xorazmning 9 ta shahar va tumanidagi 1 million aholi suv ta’minoti yaxshilanadi – Shavkat Mirziyoyev

Bugun, 12-iyun kuni Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzod Shavkat Mirziyoyevning xorazmlik saylovchilar bilan uchrashuvi bo'lib o'tdi.

Uchrashuvda nomzod saylovchilarni o‘zining saylovoldi dasturi bilan tanishtirmoqda.

O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzod Shavkat Mirziyoyev ayni paytda xorazmlik saylovchilar bilan uchrashuv o‘tkazmoqda. U o‘tgan yillar davomida amalga oshirilgan ishlar xususida aytib o‘tdi:

- olti yarim yilda viloyat iqtisodiyoti 1,3 marta o‘sib, 32 trillion so‘mga yetdi, aholi jon boshiga daromad 16,5 million so‘mdan oshdi;

- viloyatda bog‘chalar qamrovi 22 foizdan 79 foizga, oliygohlarda esa 8 foizdan 38 foizga ko‘paydi;

- oldin birgina Urganch davlat universiteti bo‘lgan bo‘lsa, hozirga kelib 5 ta davlat, 3 ta nodavlat va 1 ta xorijiy oliygoh faoliyat ko‘rsatmoqda;

- Talabalar soni 5 karra ko‘payib, 46 ming nafarga yetdi;

- 28 ta zamonaviy shifoxona va poliklinikalar tashkil etildi;

- 500 mingdan ziyod aholi yashayotgan mahallalarga markazlashgan tarmoqlar orqali suv yetkazib berildi, suv ta’minoti 2017-yildagi 52 foizdan 86 foizga yetdi.

"Aholining zamonaviy uy-joyga o‘sib borayotgan talabini qondirish maqsadida, 50 ming xonadonga ega 2 mingta ko‘p qavatli uylar barpo etiladi.

Shu bilan birga, 2030-yilga qadar Urganch, Xiva, Pitnak shaharlari, Gurlan, Tuproqqal’a, Hazorasp, Bog‘ot, Xonqa va Yangiariq tumanlaridagi 1 million aholi suv ta’minoti yaxshilanadi. Bunga 100 million dollar yo‘naltiriladi", - deb ta’kidladi prezidentlikka nomzod.

2030-yilga qadar maktabgacha ta’limga bo‘lgan ehtiyoj to‘liq qoplanadi va qamrov hozirgi 79 foizdan 100 foizga yetkaziladi.

Shu maqsadda, qariyb 2 trillion so‘m mablag‘ hisobiga 500 ga yaqin yangi bog‘chalar tashkil etiladi.

Kelgusi yetti yilda zamonaviy maktablar barpo etish, mavjudlarining quvvatini oshirish hisobiga qo‘shimcha 90 ming o‘quvchi o‘rni yaratiladi.

Natijada, viloyatda o‘quvchisi 30 nafardan ko‘p bo‘lgan sinflar qolmaydi, deb ta’kidladi nomzod (hozirda 2 mingdan ziyod sinfda 35 ta va undan ko‘p bola o‘qiydi).

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 50620 | Инструменты