Huawei 1
Afg‘oniston Bosh vazirining ma’muriy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari Buxoroga keldi

Afg‘oniston Bosh vazirining ma’muriy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari Abdul Salom Hanafiy boshchiligidagi delegatsiya Buxoroda bo‘ldi.

Delegatsiyani Buxoro viloyati hokimi Botir Zaripov “Buxoro” temir yo‘l vokzalida kutib oldi.  

Tashrif doirasida delegatsiya a’zolari boqiy shaharning tarixiy-madaniy yodgorliklari bilan yaqindan tanishdi. Xususan, qadimiy Labi Hovuz ansamblidan boshlangan sayohat davomida mehmonlar qadimiy toqlar, Poyi Kalon majmuasi, Ark qo‘rg‘oni, Somoniylar maqbarasi, Bahouddin Nashqband majmuasini hayrat va havas bilan tomosha qilishdi. Hunarmandlar rastalari, zargarlik, zardo‘zlik, kashtachilik, yog‘och o‘ymakorligi, temirchilik, kulolchilik, naqqoshlik, pichoqchilik kabi amaliy san’at ustaxonalaridagi qizg‘in ish jarayoniga guvoh bo‘lishdi.

Mehmonlarga tarixiy qadamjolar, yodgorliklarning tarixi, ushbu manzillarda amalga oshirilgan bunyodkorlik ishlari, tarixiy yodgorliklarning qayta tiklanib, nafaqat respublikamiz hududlaridan, balki ko‘plab xorijiy mamlakatlardan har yili tashrif buyurayotgan minglab sayyohlar uchun ham e’tiborga sazovor joyga aylanganligi haqida so‘zlab berildi.

Abdul Salom Hanafiy Buxorodagi madaniy meros ob’yektlari asl holida saqlanganligi, Buxoro aynan boy tarixi, betakror madaniyati bilan jahon sivilizatsiyasiga  katta hissa qo‘shganligini e’tirof etdi. Shu bilan birga Buxoro xalqining mehnatsevarligi, ijodkorligi va mehmondo‘stligi har qadamda sezilib turishini, bu yerda turizm va investisiya loyihalarini amalga oshirish bo‘yicha katta imkoniyatlar mavjudligini alohida ta’kidladi.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 120214 | Инструменты