Tbilisida to‘rtinchi kun ham davom etgan ommaviy norozilik namoyishlarida politsiya maxsus kuchlari parlament binosi yaqinida to‘planganlarga qarshi suv purkagichlardan foydalangan.
«Rustaveli prospektidagi vaziyat tarangligicha qolmoqda, maxsus kuchlar parlament hovlisi ichki hududidan suv purkagichlarni ishlatishda davom etmoqda, biroq ba’zi namoyishchilar joyida qolmoqda», deb yozadi Paper Kartuli.
Shu bilan birga, ayrim namoyishchilar maxsus kuchlarga qarata tosh va pirotexnika vositalari otmoqda, deb yozadi «Exo Kavkaza».
Gurjistonning eng yirik banklari Bank of Georgia va TBC, aloqa operatorlari Magti va Silknet, avtomobil dilerlik kompaniyasi Tegeta va ORBI Group developeri namoyishchilar bilan birdamlik bildirdi. Hukmron «Gurjiston orzusi» partiyasining Yevropa integratsiyasi jarayonini to‘xtatib turish haqidagi qarori Gurjiston Tashqi ishlar vazirligi, Mudofaa vazirligi, Konstitutsiyaviy sud xodimlari va boshqa davlat xizmatchilar tomonidan ham omma oldida qoralangan. Bundan tashqari, Gurjistonning AQSh, Niderlandiya, Bolgariya, Italiya va Litvadagi elchilari norozilik sifatida o‘z lavozimlarini tark etgani xabar qilingan.
Berlin: Gurjiston uchun YeIga eshik ochiqligicha qolmoqda
«Germaniya hukumati Gurjistondagi voqealarni katta xavotir bilan kuzatib bormoqda va agar mamlakat muzokaralar yo‘liga qaytishga qaror qilsa, Yevropa Ittifoqiga eshik ochiq qoladi», — deyiladi 29 noyabr kuni Germaniya Tashqi ishlar vazirligi rasmiy vakili Kristian Vagnerning DW muxbiri so‘roviga javobida.
«Tbilisidagi norozilik namoyishlariga kelsak, ulardan ko‘rinib turibdiki, mamlakat aholisining ko‘pchiligi hukumat yo‘nalishini qo‘llab-quvvatlamaydi va aholining katta qismi Yevropa Ittifoqiga kirishni xohlaydi. Ularning talablari qo‘llab-quvvatlanib, huquq-tartibot idoralaridan vazminlik va zo‘ravonlik qilmaslikni kutamiz», — deya qo‘shimcha qildi Vagner.
Alpha version: 0.9.1.19 build 120215 | Инструменты