Prezident Shavkat Mirziyoyev Andijon viloyatini kompleks rivojlantirish bo‘yicha ustuvor vazifalar yuzasidan yig‘ilish o‘tkazmoqda.
Joriy yildan boshlab tomorqadan foydalanish bo‘yicha yangi tizim ishlamoqda. Masalan, Asaka tumani Otash mahallasidagi 810 ta xonadondan 805 tasida issiqxona bor, ularda yiliga 3 marta hosil olinayapti. Xuddi shunday, Obod mahallasidagi 922 ta xonadon egalari issiqxonalardan samarali foydalanyapti.
Viloyatdagi qolgan 907 ta mahallada ham bu tajribadan unumli foydalanish muhimligi qayd etildi. Mutasaddilarga Asakadagi mahallalarga arzon urug‘ va mineral o‘g‘it yetkazib berish tizimini butun respublikada joriy qilish topshirildi. Bu tizim orqali urug‘ va o‘g‘it 15 foizgacha arzon sotilmoqda.
O‘tgan yilda Andijonda kambag‘allik 11,9 foizdan 9,5 foizga tushgani bilan respublikada 9-o‘rinda turibdi.
Baliqchi va Oltinko‘lda 5 gektardan issiqxona tashkil qilinib, 100 ta ehtiyojmand oila daromadli qilindi. Issiqxona kambag‘al oilalarga 10 sotixdan ikki yilga ijaraga berilgan. Yiliga 3 marta hosil olish hisobiga har bir oila 150-200 million so‘mdan daromad topadi. Tadbirkor ko‘chat, urug‘, o‘g‘it va yoqilg‘ini yetkazib berib, hosilni o‘zi sotib oladi.
Bu ishlar kambag‘allik yuqori Ulug‘nor, Paxtaobod, Xo‘jaobod, Marhamat va Andijon tumanlarida ham yo‘lga qo‘yilishi belgilandi. Bunday zamonaviy issiqxonalarni namunaviy tashkil qilgan mahalla raislariga 100 foiz ustama beriladi.
Yoshlarni tadbirkorlik, yerdan samarali foydalanishga o‘rgatish uchun avvalo ularda kasbiy ko‘nikmani rivojlantirish zarurligi qayd etildi. Hudud ixtisoslashuvi asosida maktablarda mehnat darslari va kasbiy to‘garakalar tashkil etiladi. Ushbu to‘garaklarga sanoat savdo va servis korxonalari, klasterlar mutaxassislari kelib dars o‘tadi.
Viloyatdagi 5,7 ming gektar sunʼiy suv havzalarining atigi 23 foizida intensiv usulda baliq yetishtirilayapti.
Andijon tumanidagi tadbirkor 15 million dollar hisobiga 320 gektarda intensiv usulda baliq yetishtirish, 500 ta xonadon bilan kooperatsiya qilish tashabbusini bildirgan. Loyiha doirasida 27 turdagi karp balig‘idan mahalliy sharoitga mos baliq nasli yaratish reja qilingan.
Ushbu loyihaga Osiyo taraqqiyot banki ilk bor to‘g‘ridan-to‘g‘ri 15 million dollar berishga rozi. Buning uchun viloyat hokimligi huzurida loyiha ofisi tashkil qilinadi, tadbirkor va Osiyo taraqqiyot banki bilan uch tomonlama shartnoma imzolanadi.
Mutsaddilarga xorijdan 100 million dollar jalb qilib, yil yakunigacha 1,2 ming gektarda kamida 5-6 ta shunday loyihani yo‘lga qo‘yish topshirildi.
Umuman, respublikada baliqchilikni rivojlantirishga 150 million dollar resurs beriladi. Shundan 50 million dollari Andijonga ajratiladi.
Alpha version: 0.9.1.19 build 41623 | Инструменты