Prezident Andijon viloyatidagi ijtimoiy xizmatlar markaziga tashrifi chog‘ida sport sohasi va olimpiya harakatiga oid taqdimot bilan ham tanishdi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Bugungi kunda mamlakatda 10 milliondan ziyod aholi ommaviy sport bilan shug‘ullanmoqda. Tumanlarda, taʼlim va mehnat jamoalarida turli musobaqalar o‘tkazilmoqda.
Endi bu ko‘rsatkichni 15 millionga yetkazish maqsad qilib qo‘yilgan. Buning uchun “Mahalla ligasi”, “Maktab ligasi”, “Talabalar ligasi”, “Vazir kubogi” va “Kasaba uyushmalari kubogi” kabi musobaqalar tashkil etiladi.
Shu yil 13-fevral kuni bo‘lib o‘tgan videoselektor yig‘ilishida sportchi yoshlarni saralash va mahoratini oshirish bo‘yicha topshiriqlar berilgan edi. Shunga muvofiq, seleksiya, sport taʼlimi va olimpiya tizimini yangi bosqichga olib chiqish ishlari boshlangan.
Bunda hududlardagi 254 ta sport maktabi, olimpiya yo‘nalishlariga ixtisoslashgan 56 ta sport maktabi milliy terma jamoalarga asosiy zaxira bo‘ladi. Joylardan saralangan yoshlar tana antropometriyasi va qobiliyatidan kelib chiqib, maqsadli tayyorlanadi.
Ularni pishitib borish uchun yiliga ikki marta “Yangi O‘zbekiston Olimpiya cho‘qqilari” musobaqalar tizimi yo‘lga qo‘yiladi. Viloyat bosqichi g‘oliblari har yili dekabrda Olimpiya shaharchasida o‘tkaziladigan “Prezident Olimpiadasi”da ishtirok etadi. Musobaqa g‘oliblari uy, avtomobil kabi qimmatbaho sovg‘alar bilan taqdirlanadi. Birinchi va ikkinchi o‘rinni olgan sportchilar Respublika olimpiya va paralimpiya markaziga qabul qilinadi.
Prezident sport taʼlimida vertikal tizimni takomillashtirib, ilg‘or uslub va yondashuvlarni tatbiq qilish zarurligini taʼkidladi. Sport maktablarining natijadorligini oshirish, qobiliyatli yoshlarni yetuk sportchilar etib tarbiyalash bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.
Alpha version: 0.9.1.19 build 41907 | Инструменты