Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida elektrotexnika sohasida ishlab chiqarish, eksport va investitsiyalarni ko‘paytirish masalalariga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishi boshlandi. Unda sohada faoliyat yuritayotgan 100 dan ortiq tajribali tadbirkorlar ham ishtirok etmoqda.
Mamlakatimiz elektrotexnika eksportining to‘rtdan birini mis sim va prutok kabi qo‘shilgan qiymati past tovarlar tashkil qilayotgani qayd etildi.
Bizdagi kabellarning 80 foizi qurilish va maishiy maqsadlarda ishlatilayapti. Avtomobil sanoati uchun talab yuqori bo‘lgan kabellar ishlab chiqaruvchi korxonalarimiz 4 tani tashkil qiladi, xolos.
Shu munosabat bilan bundan buyon elektrotexnika sohasidagi texnoparklar yondosh yo‘nalishlardagi korxonalar bilan sanoat kooperatsiyasi asosida rivojlantirilishi belgilandi.
Buning uchun Ohangaron, Farg‘ona, Qarshi va Urganch shaharlaridagi texnoparklarda kompozit materiallar, metall va plastmassaga ishlov berish, qoliplar ishlab chiqarish, qadoqlash kabi yondosh soha korxonalariga 10 gektargacha joy ajratiladi.
Mutasaddilarga aniq loyihalar uchun tayyor binoni qurib, sanoat ipotekasi shartlarida tadbirkorlarga berish topshirildi. Ushbu korxonalarga elektrotexnika korxonalari kabi mol-mulk va foyda solig‘idan 50 foizgacha imtiyoz beriladi.
Umuman, joriy yilda chuqur qayta ishlangan mis mahsulotlari ulushini 60 foizga, kelgusi yilda 75 foizga olib chiqish, 1 tonna misdan qo‘shilgan qiymatni 1 ming dollarga yetkazish muhimligi taʼkidlandi.
Hozirda energetika, qurilish, suv xo‘jaligi, avtomobilsozlikda elektrotexnika mahsulotlariga talab kun sayin oshib bormoqda.
Masalan, energetika sohasida 36 milliard dollarlik 27 gigavatt elektr energiya ishlab chiqarish loyihalari amalga oshirilayapti.
Keyingi uch yilda suv inshooti, magistral tarmoq va taqsimlash nuqtalariga 4 ming 150 ta suv hisoblagich o‘rnatish, 2026 yilgacha 243 ta gaz taqsimlash punktlarini yangilash vazifasi turibdi.
Yiliga qurilayotgan 100 mingta xonadonli ko‘p qavatli uy-joy hamda 13 million kvadrat noturar binolar uchun ham kabel, transformator, isitish va sovitish tizimlari, nasos, lift, kuzatuv vositalari, elektr va gaz hisoblagichlari kerak.
Avtomobil sanoatida har yili 200 million dollardan ortiq elektrotexnika mahsuloti import bo‘layapti.
Ushbu tarmoqlarning barchasi davlatdan imtiyoz va arzon mablag‘lar olayotganiga eʼtibor qaratib, Prezident mutasaddilarning “mahalliy mahsulotlar bizni talabga javob bermaydi, import qilishga majburman” degan bahonasi endilikda o‘tmasligini qayd etdi.
Alpha version: 0.9.1.19 build 91723 | Инструменты