Huawei 1
BMT Ayollar holati boʻyicha komissiyaning navbatdagi sessiyasi doirasidagi Markaziy Osiyo va Ozarbayjon uchun maslahatlashuvlari Toshkentda oʻtkazildi

2024-yil 11-22-mart kunlari AQSHning Nyu-York shahrida BMT Ayollar holati boʻyicha komissiyaning (CSW) 68-sessiyasi boʻlib oʻtadi va ushbu tadbirning asosiy eʼtibori gender tengligikka erishishni tezlashtirish va kambagʻallikni bartaraf etish orqali xotin-qizlarning huquq va imkoniyatlarini kengaytirishga qaratiladi.

Soʻnggi 5-yil davomida Oʻzbekiston gender tenglikka erishish va xotin-qizlarning huquqlari va imkoniyatlarini kengaytirish borasida koʻplab ijobiy natijalarga erishganligini inobatga olgan holda BMTning Ayollar tashkiloti Markaziy Osiyo va Ozarbayjon uchun maslahatlashuvlarni aynan Oʻzbekistonda oʻtkazish boʻyicha taklifni ilgari surdi.

Mazkur maslahatlashuvlar joriy yilning 12-fevral kuni Toshkent shahrida Oliy Majlis Senati BMT Ayollar tashkiloti bilan hamkorlikda “Gender tenglikka erishishni tezlashtirish va kambagʻallikni bartaraf etish, institutlar va genderga oid moliyalashtirishni mustahkamlash orqali barcha xotin-qizlarning huquq va imkoniyatlarini kengaytirish” mavzusida oʻtkazildi.

Tadbirda Oʻzbekiston, Tojikiston, Qozogʻiston, Qirgʻiziston, Turkmaniston va Ozarbayjon davlatlarining Parlament aʼzolari, fuqarolik jamiyati, yoshlar tashkilotlari va ilmiy doiralar vakillari, gender ekspertlar, BMTning oʻndan ortiq dasturlari, jamgʻarmalari va agentliklari, hamda gender tengligi va ayollarning iqtisodiy imkoniyatlarini kengaytirish tarafdori boʻlgan xususiy sektor vakillari ishtirok etdi.

Oliy Majlis Senati Raisi Tanzila Narbayeva tadbir ishtirokchilariga videomurojaat yoʻlladi.

— Bugungi kunda Markaziy Osiyo va Ozarbayjon davlatlari xotin-qizlarning huquq, erkinliklari va manfaatlarini himoya qilish, zoʻravonlik va kamsitishning oldini olish, shuningdek, qarorlar qabul qilish jarayonlarida ishtirokini taʼminlash borasida ulkan yutuqlarga erishdi.

Mamlakatlarimizda gender tengligini taʼminlash sohasida amalga oshirilayotgan islohot va oʻzgarishlar natijasida zarur tajriba va amaliyot toʻplandi, xotin-qizlarning ijtimoiy, siyosiy va iqtisodiy hayotda toʻliq va teng huquqli ishtirok etishi uchun qulay sharoitlar yaratilmoqda.

Biz davlatlarning barcha jabhalarida ayollar va erkaklar uchun teng sharoitlarni nazarda tutuvchi Pekin deklaratsiyasi va Harakatlar platformasi maqsadlariga erishish sari bosqichma-bosqich bormoqdamiz.

Shu maqsadda Oʻzbekiston xotin-qizlarni ijtimoiy himoya qilish boʻyicha tadbirlarni har tomonlama qoʻllab-quvvatlash borasidagi saʼy-harakatlarni davom ettirish tarafdori — deya taʼkidladi Tanzila Narbayeva.

Shuningdek, maslahatlashuvlarda mintaqaviy organlar – BMTning Markaziy Osiyo uchun preventiv diplomatiya boʻyicha mintaqaviy markazi, Markaziy Osiyo mamlakatlari ayollar muloqoti va boshqalar ishtirok etdi.

Maslahatlashuvlar davomida Institutlar va genderga oid moliyalashtirishni mustahkamlash aspektlarini inobatga olgan holda kambagʻallik muammolarini hal qilishda tarmoqlararolikni mujassamlashtirish hamda gender tenglikni va xotin-qizlarning huquq va imkoniyatlarini kengaytirishni taʼminlash uchun moliyalashtirishdagi uzilishlarni bartaraf etish: gender tengligi siyosati va byudjetlariga taʼsir koʻrsatish uchun salohiyat va makonini kengaytirish kabi mavzularda muhokamalar tashkil etildi.

Shuningdek, haq toʻlanmaydigan parvarish va uy ishlarining nomutanosib yuki bilan kurashish: xizmat koʻrsatish faoliyatiga oʻtish hamda ijtimoiy himoya xizmatlari va tizimlari mavzulariga eʼtibor qaratildi.

Mazkur maslahatlashuvlarni oʻtkazishning asosiy maqsadi Markaziy Osiyoda gender tenglikka erishish borasida mintaqaning salohiyati va imkoniyatlarini baholash, kambagʻallikni bartaraf etishda, ijtimoiy himoya va ishchi kuchi faoliyati borasida ustuvor rivojlanish strategiyalarini belgilashdan iboratdir.

Maslahatlashuvlar yakuni boʻyicha Markaziy Osiyo mintaqasi (Oʻzbekiston, Tojikiston, Qozogʻiston, Qirgʻiziston, Turkmaniston) va Ozarbayjonning CSWning 68-sessiyasiga hissa qoʻshadigan va undagi ishtiroki uchun asos boʻladigan keng qamrovli murojaatlar, ilgʻor tajriba va aniq tavsiyalar toʻplamini oʻz ichiga olgan hujjat qabul qilinadi.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga