Huawei 1
Britaniya Global ijodiy iqtisodiyot kengashi raisi Kreativ iqtisodiyot bo'yicha IV Butunjahon anjumanida ishtirok etish uchun O'zbekistonga keladi

O'zbekiston elchisi Ravshan Usmanov kreativ sanoatlar bo'yicha London meri elchisi, Britaniya Global ijodiy iqtisodiyot kengashi raisi, professor Jon Nyubigin bilan uchrashuv o'tkazdi

Britaniya Global ijodiy iqtisodiyot kengashi raisi Jon Nyubigin O'zbekistonda olib borilayotgan keng ko'lamli islohotlarni, shu jumladan, kreativ sanoatni rivojlantirish bo'yicha amalga oshirilayotgan chora-tadbirlarni yuqori baholadi.

"2-4-oktabr kunlari Toshkent shahrida bo'lib o'tadigan Kreativ iqtisodiyot bo'yicha IV Butunjahon anjumani O'zbekistonning imijini global darajada yanada oshiradi. Men ushbu tadbirga qatnashish uchun 1-5-oktabr kunlari O'zbekistonga safarimni intiqlik bilan kutmoqdaman", - dedi u.

Shuningdek, u mazkur anjumanda Buyuk Britaniyadan o'ndan ortiq kreativ iqtisodiyot sohasida faoliyat olib borayotgan yetakchi olimlar va mutaxassislar, shu jumladan "kreativ iqtisodiyot" terminini birinchi marta ilmiy qo'llanishga kiritgan britaniyalik olim, BMTning Kreativ iqtisodiyot bo'yicha maslahat qo'mitasi a'zosi Jon Xoukins qatnashishini ma'lum qildi.

Muloqot yakunida Jon Nyubiginning O'zbekistonga safarini va uning doirasida respublikaning tegishli vazirlik va idoralarida qator uchrashuvlarni uyushtirish bo'yicha ahdlashildi.

Jon Nyubigin Britaniya hukumatining Ijodiy sanoat kengashi a'zosi, Britaniya kengashi San'at va ijodiy iqtisodiyot bo'yicha maslahat guruhi raisi, London Goldsmit universitetining Ijodiy va madaniy tadbirkorlik instituti maslahat kengashi a'zosi, Bangalordagi Srishti san'at, dizayn va texnologiya instituti Xalqaro maslahat kengashi a'zosi va Gonkong universitetining faxriy professori sifatida ham faoliyat yuritadi. U, shuningdek, Kreativ iqtisodiyot bo'yicha Butunjahon konferensiyasini tashkil etish bo'yicha maslahat qo'mitasi a'zosi hisoblanadi. Bundan tashqari, Jon Nyubigin Ijodiy Angliya tashkilotining asoschisi va raisi hamda Battersi san'at markazi va Vaytchapel galereyasi vasiysidir.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 92413 | Инструменты