O'zbekiston elchixonasi ko'magida O'zbekiston Prezidentining Jahon savdo tashkiloti (JST) masalalari bo'yicha maxsus vakili Azizbek Urunovning Londonga tashrifi tashkil etildi.
Tashrif davomida Britaniya biznes va savdo vazirining o'rinbosari Garet Tomas, Tashqi ishlar vazirligi rahbariyati va ekspertlar darajasida muzokaralar bo'lib o'tdi.
Uchrashuvlarda Britaniya O'zbekistonni Markaziy Osiyodagi eng muhim sheriklaridan biri sifatida ko'rishi va rasmiy Toshkent bilan har tomonlama aloqalarni yanada jadallashtirishdan manfaatdor ekanligi ta'kidlandi.
Tomonlar xalqaro savdodagi zamonaviy tendensiyalarni muhokama qildilar.
Britaniya tomoni O'zbekistonning JSTga a'zo bo'lish jarayonini to'liq qo'llab-quvvatlashi tasdiqladi.
Shu bilan birga, Britaniya Jahon banki ko'magida amalga oshirilayotgan iqtisodiy o'sish va rivojlanish dasturi orqali O'zbekistonning JSTga a'zo bo'lish jarayoniga texnik yordamni kengaytirish, dastur doirasida mutaxassislarining institutsional salohiyatini mustahkamlash, ularning xalqaro savdo sohasidagi bilim va ko'nikmalarini oshirishga kelishib olindi.
Eslatib o'tamiz, bundan oldin O‘zbekiston JST bo‘yicha Pokiston va Tailand bilan muzokaralarni yakunlagani haqida xabar bergan edik.
Alpha version: 0.9.1.19 build 22303 | Инструменты