O‘zbekiston prezidenti «Markaziy Osiyo — Yevropa Ittifoqi» birinchi sammitidagi nutqida mintaqaviy xavfsizlik va Afg‘oniston bilan hamkorlik masalasiga ham to‘xtaldi.
«Xavfsizlikka nisbatan umumiy tahdidlar, xususan, terrorizm, ekstremizm, radikalizm, kiberjinoyatchilik, narkotrafik va noqonuniy migratsiyaga qarshi kurashishda hamkorlik tobora dolzarb bo‘lib bormoqda.
Yevropalik sheriklarimizning terrorizmga qarshi kurashish masalalari bo‘yicha muloqotni yo‘lga qo‘yish haqidagi taklifini qo‘llab-quvvatlaymiz», degan davlat rahbari.
BOMCA va CADAP dasturlari doirasida o‘zaro amaliy hamkorlikni kengaytirish muhim hisoblanishi qo‘shimcha qilingan.
Shuningdek, O‘zbekiston prezidenti mamlakat Afg‘onistonda tinch taraqqiyotni taʼminlash masalalari bo‘yicha siyosiy maslahatlashuvlarni davom ettirishga tayyorligini bildirdi.
«Afg‘onistonni tinch rivojlantirish masalalarida siyosiy maslahatlashuvlarni davom ettirishga tayyormiz. Ming afsuski, jahon hamjamiyati ushbu mamlakat hududidan kelib chiqadigan barcha tahdidlarni yetarlicha baholay olmayapti.
Afg‘on tomonini mintaqaviy iqtisodiy jarayonlarga, jumladan, investitsiya va infratuzilma loyihalarini amalga oshirish, ijtimoiy sohani qayta tiklash yo‘li bilan faol jalb etish zarur, deb hisoblaymiz. Qabul qilingan majburiyatlarni bajarish uchun xalqaro hamjamiyatning amaldagi afg‘on hukumati bilan konstruktiv muloqot o‘rnatish muhimligini tushunishi va qo‘llab-quvvatlashiga umid qilamiz», degan Shavkat Mirziyoyev.
O‘zbekiston rahbari so‘zining yakunida tashabbus va kelishuvlarni amalga oshirish mexanizmlarini joriy etish muhimligini alohida qayd etgan.
Shu munosabat bilan, «Markaziy Osiyo – Yevropa Ittifoqi» formatida bosh vazir o‘rinbosarlari darajasida har yili uchrashuvlari o‘tkazib boriladigan Sheriklik qo‘mitasini taʼsis etish maqsadga muvofiqligi aytilgan.
«Barchangizga ochiq, ishonchli va konstruktiv muloqot uchun yana bir bor chuqur tashakkur izhor etaman.
Ishonchim komilki, Yevropaning yetakchi institutlari va moliya tashkilotlari rahbarlari Markaziy Osiyoning umumiy pozitsiyaga ega ekaniga, ishonchli va masʼuliyatli sherik sifatida keng ko‘lamli hamkorlikka tayyor ekaniga amin bo‘lishdi.
Barchangizni ikki mintaqa o‘rtasida strategik sheriklik o‘rnatish to‘g‘risida tarixiy qaror qabul qilinishi bilan tabriklayman.
Erishilgan barcha kelishuvlar va ilgari surilgan tashabbuslarni amalga oshirish uchun Sammit kotibiyatiga, ekspertlar bilan birgalikda, bir oy muddatda, biz ishchi tartibda tasdiqlashimiz mumkin bo‘lgan “Yo‘l xaritasi”ni tayyorlash taklifini bildiraman», deya chiqishini yakunlagan O‘zbekiston rahbari.
Alpha version: 0.9.1.19 build 41018 | Инструменты