Oʻzbekiston Mudofaa vazirligi harbiy xizmatchilari kichik serjant Abdullayev Alishox va III-darajali serjant Jovkashev Shoxrux joriy yilning 17–20-mart kunlari AQSHning Missisipi shtati “Camp Shelby” harbiy-oʻquv bazasida boʻlib oʻtgan “Eng ilgʻor jangchi–2025” musobaqasida ishtirok etishdi.
Xalqaro harbiy hamkorlik aloqalarini mustahkamlash va maxsus boʻlinmalarda xizmat qilish nufuzini oshirish kabi maqsadlarda tashkil etilgan musobaqada harbiy xizmatchilarimiz AQSH Milliy gvardiyasining Maxsus boʻlinmalari harbiy xizmatchilari bilan kuch sinashishdi.
Musobaqa davomida harbiy xizmatchilarimiz yakka tarkibda jismoniy tayyorgarlik sinovlari (6 ta mashqni oʻz ichiga olgan Fitnes test), jismoniy va ruhiy zoʻriqish yoʻlagidan oʻtish, tunda 15 kilometr masofaga oriyentirlash, 15 kilogram yuk bilan 20 kilometr masofaga marsh yugurish, jangovar va umumiy tayyorgarlik boʻyicha test sinovlari, insho yozish (harbiy hamkorlik mavzusida 500 tadan kam boʻlmagan soʻz), artilleriya olovini boshqarish, AQSH namunasidagi oʻqotar qurollarni notoʻliq qismlarga yoyish, yigʻish va jangovar holatga keltirish, shuningdek, ulardan turli usul va sharoitlarda oʻq otish, tibbiy tayyorgarlik, ommaviy qirgʻin qurollaridan himoyalanish, kutilmagan (syurpriz) mashqlar kabi shartlarni muvaffaqiyatli bajardilar.
Jumladan, harbiy xizmatchilarimiz jamoaviy bahs — 15 kilogram yuk bilan 20 kilometr masofaga marsh yugurish shartini 1 soat 50 daqiqa ichida bajardi. Shunindek, yakka tartibdagi bahslarda III-darajali serjant Jovkashev Shoxrux 3 kilometr 219 metr masofani 11 minut 18 soniyada bosib o‘tgan bo‘lsa, kichik serjant Abdullayev Alishox 250 metr masofaga yugurish davomida majmuaviy mashqlarni 1 daqiqa 18 soniyada bajarib, 5 kilogram og‘irlikdagi koptokni 12,3 metr masofaga uloqtirishga muyassar bo‘ldi. E’tiborli jihati shundaki, mazkur shartlarning barchasida harbiy xizmatchilarimiz musobaqa rekordini yangiladi.
Yakunda harbiy xizmatchilarimiz musobaqaning maxsus sovrini bilan taqdirlanishdi. Bu dastlabki yutuq emas, albatta. Mazkur musobaqada o‘zbekistonlik harbiy xizmatchilar 2019-yildan beri muvaffaqiyatli qatnashib, har birida ishtirokchilardan mutlaq ustunlik bilan g‘oliblikni qo‘lga kiritib keladi.
23-mart kuni gʻoliblar poytaxtimizdagi Islom Karimov nomidagi Toshkent xalqaro aeroportida tantanali ravishda kutib olindi. Marosimda harbiylar yutug‘i mudofaa tizimida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlarning samarasi, deya e’tirof etildi.
Alpha version: 0.9.1.19 build 32607 | Инструменты