Huawei 1
Fransiyaning Lion shahridan Samarqand va Buxoroga to'g'ridan to'g'ri aviareyslar yo'lga qo'yilishi mumkin

1-2-noyabr kunlari Fransiya prezidenti Emmanuel Makron rasmiy tashrif bilan O'zbekistonda bo'ldi. Samarqandda Oʻzbekiston va Fransiya rahbarlari ikki mamlakatning yetakchi kompaniyalari va bank-moliya institutlari ishtirokidagi qoʻshma biznes forumi bo'lib o'tdi. Unda ikki davlat o‘rtasidagi hamkorlikni yanada rivojlantirishga qaratilgan qator ikki tomonlama hujjatlar imzolandi. 

O'zbekiston-Fransiya biznes forumida bevosita qatnashgan "Uzreport" jurnalisti Gulnoza Husanova Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vaziri Aziz Abduhakimov bilan suhbatlashdi

Suhbat davomida vazir Fransiyaning Lion shahridan Samarqand va Buxoro shaharlariga to'g'ridan to'g'ri aviareyslar yo'lga qo'yilishi mumkinligi aytib o'tdi. Bu borada hozirgi kunda tegishli muzokaralar olib borilmoqda ekan. 

"Biz, nafaqat, tarixiy va madaniy turizmni rivojlantirish, balki yangi yo'nalishlarni ham ko'zda tutmoqdamiz. Jumladan, "Chimyon-Bildirsoy-Nanay" loyihasi doirasida bu yerda yirik Fransiya investitsiyalari va kompaniyalari ko'magida yirik tog'li hamda qishki turizm loyihasi ham amalga oshiriladi. 

Prezidentimiz tashabbuslari bilan Fransiyada bo'lib o'tgan 2 ta yirik ko'rgazmalarimiz "Luvr" muzeyida va Arab institutida bo'lib o'tgandan keyin O'zbekistonga bo'lgan qiziqish yanayam ortdi. Hozirgi kunda ko'plab sayyohlik kompaniyalari reyslar yetishmayotganini bildirmoqda. Shuning uchun ham nafaqat Parij va Toshkent shahri o'rtasidagi aviaparvozlar, balki to'g'ridan to'g'ri Fransiyaning boshqa yirik shaharlaridan Buxoroga, Samarqandga bo'lgan reyslarni yo'lga qo'yish kerakligini bilib turibmiz. Misol uchun Lion shahridan ko'plab yirik turistik kompaniyalar bizga murojaat qilib, to'g'ridan to'g'ri ushbu shahardan Samarqand va Buxoroga reyslarni qo'yish bo'yicha takliflarini bermoqda.

Biz hozir ular bilan tegishli muzokaralarni olib bormoqdamiz. Ya'ni bu bizga Fransiyada bo'lgan turistik oqimni ko'paytirishga imkon yaratadi. Statistikaga qaraydigan bo'lsak ham O'zbekistonga Yevropadan eng ko'p keladigan sayyohlar bular fransuzlar. Shuning uchun bizga bu turistik bozor juda muhim.

Shuningdek, Fransiyaning ko'plab turizm yo'nalishidagi ta'lim tashkilotlari bilan hamkorlikni yo'lga qo'yishni ko'zlamoqdamiz. Ular bilan tegishli kelishuvlarga erishmoqdamiz", - deya ta'kidladi vazir. 


Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 42009 | Инструменты